Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh O‘zbekistonda yangi qabul qilingan qonunni olqishladi

AQSh O‘zbekistonda yangi qabul qilingan qonunni olqishladi

AQShning Toshkentdagi elchixonasi O‘zbekistonda xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirishga doir qonun hujjati qabul qilingani yuzasidan bayonot berdi.

«Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonda oiladagi zo‘ravonlikni jinoiy javobgarlikka tortuvchi hamda ayollar va bolalarning yanada mustahkam huquqiy himoyasini ta’minlovchi yangi qabul qilingan qonunni olqishlaydi. Bu qonun barcha o‘zbekistonliklarning o‘z jamoalari, ish joylari va uylarida o‘zlarini xavfsiz his qilishlarini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir», – deyiladi bayonotda.

Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlar oiladagi zo‘ravonlik qurbonlariga himoya va qo‘llov borasida yordam berishga sodiq qoladi hamda O‘zbekiston huquq-tartibot organlari, sud tizimi va fuqarolik jamiyati bilan ushbu qonunni hayotga tatbiq etishda hamkorlik qilishga tayyordir.

Avvalroq Yevropa Ittifoqining yurtimizdagi vakolatxonasi ham bolalar va ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida qonun qabul qilinishini olqishlab, uni «O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi muhim yutuq» deb atagan edi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 11 aprel kuni «Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun O‘zbekiston prezidenti tomonidan imzolandi.

Mazkur hujjat 23 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, 6 aprel kuni esa yuqori palata (Senat) tomonidan ma’qullangan.

Qonunga muvofiq oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik choralari belgilanmoqda. Shuningdek, endilikda jinsiy zo‘ravonlik, shu jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tatbiq etilmasligi belgilanib, bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada og‘irlashtirilmoqda.

Bundan tashqari, xotin-qizlarga nisbatan shahvoniy mazmundagi harakatlar sodir etganlik, ta’qib etganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxslarning bolalarga ta’lim, tarbiya berish, shuningdek, bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishini taqiqlash hamda bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning ro‘yxatini yuritish ko‘zda tutilmoqda.

Qonun rasman e’lon qilingan 11 apreldan e’tiboran kuchga kirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring