Anor donalari kabi ezildim.. (Mutlaqo shaxsiy qarash)
Tuppa tuzuk savodi bor odamlar kitob o‘qimay qo‘ydi. Azza mazza ziyoli kishilar kitob o‘qimay qo‘ydi. Kitob do‘konlarida kitoblarning taxi buzilmay turaveradi. Kitob do‘konlarida sidirg‘i savdo bo‘lmaydi. Kitob sotuvchi do‘konda savdo yo‘qligi uchun mulgilab-mulgilab o‘tiradi. Kitob sotuvchi do‘konda xarid yo‘qligi uchun esnab-esnab o‘tiradi. Kitob sotuvchi do‘konda so‘rov yo‘qligi uchun qichilanib-qichilanib o‘tiradi. Ustoz va murabbiylar bayrami arafasida shahardagi kitob do‘konlariga birma-bir kiraman. Kitob sotuvchidan kitobning narxini so‘rasam, u menga bosh adoq qaraydi. Kitob sotuvchi menga ensasi qotib, ensasi qotib qaraydi. Kitob sotuvchi menga istamay-istamay qaraydi. Kitob sotuvchi menga erinib-erinib qaraydi. Bu qarashida olam-olam ma’no bo‘ladi. Uning bu qarashi, o‘zi bu kitob olama olmayma, demish bo‘ladi. Men kitoblarni mehr bilan silayman. «Temur tuzuklari» kitobining narxini so‘rayman. Kitob sotuvchi narxini aytar aytmas «Temur tuzuklari»dan 10 ta, «Kalila va Dimna»dan 10 tani o‘rab bering, deyman. Kitob sotuvchi o‘rnidan sapchib turadi. Kitob sotuvchi o‘rnida o‘rchib turadi. Kitob sotuvchi o‘rnidan ko‘pchib turadi. — 10 ta ?! Kitob sotuvchining ko‘zlarida hadik bo‘ladi. Kitob sotuvchining yuzlarida ishonchsizlik bo‘ladi. Bu hadik va ishonchsizlikda ma’no bo‘ladi. O‘zi to‘g‘ri eshitdimmi yoki uyqusiradimmi, degan ma’no bo‘ladi. Kitob sotuvchi menga emranib-emranibda qaraydi. — Ustozlar bayramida muhtaram ustozlarimga bir juftdan kitob sovg‘a qilmoqchiydim, deyman qimtinibgina. Endi kitob sotuvchining ko‘zlarida quyosh porlamish bo‘ladi. Uning qarashlari meni o‘ziga chorlamish bo‘ladi. Kitob sotuvchi menga piyolada choy uzatadi. Kitob sotuvchi menga qadamlaringizga hasanot, deydi. Kitob sotuvchi menga iltifot ko‘rsatadi. Men do‘konda uzoq qolib ketaman. Kitoblarni birma-bir qo‘llarimda tutaman. Kitoblar meni o‘ziga chorlayveradi-chorlayveradi. Men kitob do‘konidan chiqib bozorning biqinidagi yolg‘izoyoq yo‘ldan uyimga yayov ketaman. Bu yo‘l menga qadrdon yo‘l bo‘ladi. Men bu yo‘ldan ertan oqshom o‘taman. Bozor misoli chumolining uyasi bo‘ladi. Bozor misoli arining uyasi bo‘ladi. Bozorda odam qaynaydi. Bozorga ming odam kiraveradi, ming odam chiqaveradi. Bozorga kirmish kishilarning ham qo‘lida to‘rvaxaltasi to‘la bo‘ladi, bozordan chiqmish kishilarning ham qo‘lida to‘rva xaltasi to‘la bo‘ladi. Shaharda nima ko‘p oziq-ovqat do‘koni ko‘p. Oziq-ovqat do‘konlarida odamlar turnaqator bo‘ladi. Birov kiraveradi, birov chiqaveradi. Bozor bilan oziq-ovqat do‘konlarining sotuvchilari kitob do‘konining sotuvchisi kabi bittagina bo‘lmaydi. Bozor bilan oziq-ovqat do‘konining sotuvchilari behisob bo‘ladi. Bozor bilan oziq-ovqat do‘konlarining sotuvchilari misoli butun boshli lashkar bo‘ladi. Har bir xaridorga bir sotuvchi bo‘ladi. Lashkar-lashkar sotuvchilarning qo‘li-qo‘liga tegmay savdo qiladi. Lashkar-lashkar sotuvchilarning oyog‘i-oyog‘iga tegmay savdo qiladi. Lashkar-lashkar sotuvchilar ko‘z ilg‘amay-ko‘z ilg‘amay savdo qiladi. Bir ro‘zg‘ordan bir necha kishi ozuqa qidirib bozor oralaydi. Bir ro‘zg‘ordan bir necha kishi ozuqa qidirib do‘kon oralaydi. Hammalari bozorning har burchagiga ko‘z qirini tashlab chiqadilar. Hammalari do‘konning har burchagiga ko‘z qirini tashlab chiqadilar. Bozordan topolmagan yemakni do‘kondan qidiradi. Do‘kondan topolmagan yemagini bozordan qidiradi. Lekin birov yarimi bozor bilan do‘kon oralig‘idagi kitob do‘koniga ko‘z qirini birgina tashlab qo‘ymaydi. Ularning jismiga yemak kerak bo‘ladi. Ularning jismiga taomning sara-sarasi kerak bo‘ladi. Ularning nafsiga oziq-ovqatning kerak-kerak emasi kerak bo‘ladi. Ular tinmay yemak qidiradi. Ular iskalanib-iskalanib yemak qidiradi. Ular is olib-is olib yemak qidiradi. Izlagan yemak Termizdan topilmasa, Denovdan izlamish bo‘ladi. Izlagan yemak Denov bozoridan topilmasa, Toshkentdan izlamish bo‘ladi. Izlagan yemak topilmaguncha tinmaydi. Topilmaganiga ko‘nmaydi. Buyum bozorida ham xuddi shu tasvir takrorlanadi. Odamlar ust bosh qarab izg‘iydi. Odamlar moda quvib-moda quvib ust bosh qaraydi. Ust bosh qimmat bo‘lsa-da sotib olaveradi. Sotib olgan ust boshini ko‘z-ko‘z qilaveradi. Odamlar bir kiymish kiyimini qayta kiyishi dargumon bo‘ladi. Odamlar podsvet ust bosh kiyib shodumon bo‘ladi. Odamlar oq ust boshga oq patinka sotib oladi. Odamlar qizil ust boshga qizil patinka sotib oladi. Odamlar patinkaning rangi oz-moz to‘g‘ri kelmay qolsa ham, to‘g‘ri keladiganini erinmay izlaydi. Odamlar bir patinkaning puliga 10 ta kitob berishini o‘ylab ko‘rmaydi. Odamlarga kitob kerak bo‘lmaydi. Odamlar kitobning kerakligi haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi. Men Odamlarning 3000 dollarga ust bosh sotib olganini ko‘rdim. Men odamlarning 5000 dollarga telefon sotib olganini ko‘rdim. Men odamlarning 10 million so‘mga bittagina televizor sotib olganini ham ko‘rdim. Men odamlarning minglab odamlarga haftalab ertanni oqshom qilib to‘y berganini ham ko‘rdim. Men odamlarning ertayu kech restoranu yemakxonalarda o‘tirganini ko‘rdim. Men odamlarning bir qo‘yning go‘shtini bir o‘tirishda paqqos tushirganini ham ko‘rdim. Shu odamlarning 30 ming so‘mga kitob sotib olishga qodir emasligini ko‘rib anor donalari kabi ezildim. Kitob sotib olishga qodir bo‘lmaganlarning yozuvlarida 100 lab xatolarni ko‘rib pora-pora bo‘ldim. Aytsam tilim, aytmasam dilim.... ko‘p narsani ko‘rdim... kuydim.... Meni bir iztirob qiynaydi. Odamlar kitob o‘qimasa, qanday qilib yurar yo‘lini topa olarkin??!! Odamlar kitob o‘qimasa, qanday qilib o‘ngu so‘lini topa olarkin??!! Odamlar kitob o‘qimasa, qanday qilib yoza olarkin??!! Hammasini bir so‘zda ifoda qila qolaman!!!!!!!! Odamlar kitob o‘qimasa, qanday qilib o‘zini-o‘zi topa olarkin?!! E voh, men har kuni o‘zini o‘zi yo‘qotib qo‘yayotgan odamlarni ko‘rayapman!!! Men har kuni nafaqat o‘zini, balki aytar so‘zini ham yo‘qotib qo‘yayotgan odamlarni ko‘rayapman!!! O‘zini yo‘qotgan odamlarni el qayerdan ham topsin?!!! Kitob do‘konlariga qayting odamlar!!! Aks holda sizni xorlik kutayapti, qashshoqlik kutayapti!!!!
Rayhon RAHIMOVA
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter