Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijonda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilgani rasman tasdiqlandi. Endi hokimlik o‘zini qanday oqlaydi?

Andijonda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilgani rasman tasdiqlandi. Endi hokimlik o‘zini qanday oqlaydi?

Bosh prokuratura tomonidan Andijon shahrida bir necha ayollarni bepul kottej olganligi to‘g‘risida intervyu berishga majburlangani haqida OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan hamda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan xabarlardagi vajlar o‘rganib chiqildi. Bu haqda mahkama matbuot xizmati xabar berdi.

O‘rganish jarayonida aniqlanishicha, ehtiyojmand shaxslarni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani Xo‘jaobod massivida 2 sotixli jami 592 ta kottej qurilishi yakuniga yetkazilgan.

Joriy yilning fevral-mart oylarida viloyat hokimligining mas’ul shaxsi «Mustaqillik tikuvchilik majmuasi» MChJning uy-joyga muhtoj bo‘lgan 6 nafar ishchilariga (X.Tillayeva, M.Raximova, Sh.Bakirova, X.Ermatova, Z.Abduvaliyeva va D.Xodjimatova) mazkur hududda qurilayotgan kottejlardan ularga sovg‘a sifatida bittadan berilishini ma’lum qilgan.


Mavzu doirasida: «Sizlar aktrisalik qilibsizlar». Prezidentga «andijoncha spektakl» qo‘yildimi?


Keyinchalik, «O‘zbekiston 24» telekanali orqali 2019-yil 31-mart, 3-may va 16-may kunlari yuqoridagi ishchilar ishtirokida, ularga sovg‘a sifatida kottej berilganligi haqida lavhalar ko‘rsatilgan, 16 may kuni ular oila a’zolari bilan birga ushbu kottejlarga kiritib qo‘yilgan.

Davlat rahbari tashrifi doirasida faqat ishchilardan biriga (D.Xodjimatova) kottej sovg‘a qilingan. Tashrifdan so‘ng viloyat hokimligi mas’ul shaxsining talabiga binoan qolgan 5 nafar ishchilar (X.Tillayeva, M.Raximova, Sh.Bakirova, X.Ermatova va Z.Abduvaliyeva) qurilayotgan 4 qavatli uylardan xonadon ajratish va’da qilingan holda kottejlardan ko‘chirilgan.

Shundan so‘ng, ular qator davlat tashkilotlariga murojaat qilgan, X.Tillayevaning hokimiyat ularni aldaganligi haqidagi murojaati ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan.


Mavzu doirasida: «Andijoncha spektakl». Yolg‘on va’da, sakkiz oylik tekin mehnat va tahdidlar...


Ularning murojaatlaridan so‘ng, 22.05.2019-yilda «Mustaqillik tikuvchilik majmuasi» MChJ tomonidan ularning ish xaqlari va korxona daromadlari hisobidan 4 qavatli uy-joy uchun dastlabki badal to‘lovi o‘tkazilgan.

Shunday qilib, o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, Andijon viloyati hokimligi mutasaddilari 5 nafar ehtiyojmand ishchilarga kottej berilishini va’da qilib, ulardan bu haqida ommaviy axborot vositalariga intervyular olinishiga erishib, kottejlarga ularni uy egasi sifatida kiritib qo‘yib, biroq yakunda ularga kottej ajratmasdan, ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘ygan.

O‘rganish natijalari yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Andijon viloyat hokimi nomiga zudlik bilan aybdor shaxslarning intizomiy javobgarligi masalasini hal qilish hamda bu kabi holatlarga chek qo‘yish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring