Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijondagi avtohalokat jabrlanuvchilaridan yana biri vafot etdi

Andijondagi avtohalokat jabrlanuvchilaridan yana biri vafot etdi

Foto: Yo‘l harakati xavfsizlik xizmati

Shu yil 26-noyabr kuni A-373 Toshkent-O‘sh-Andijon avtomagistralining 389-390-kilometrlari oralig‘ida «Isuzu» avtobusi va yuk mashinasi to‘qnashib ketgandi.

Ushbu yo‘l-transport hodisasi oqibatida 3 nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan, 38 nafar yo‘lovchi turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgandi.

SSV matbuot xizmati xabar berishicha, ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi nazoratida bo‘lgan ushbu bemorlardan 4 nafariga tibbiy xulosalar ijobiy bo‘lgani uchun ambulator sharoitda davolanish uchun uyiga ruxsat berilgan.

Achinarlisi, o‘ta og‘ir ahvoldagi yana bir nafar bemor, amalga oshirilgan reanimatsion choralarga qaramasdan, vafot etgan.

Ushbu fuqaro shifoxonaga «Bosh miyaning og‘ir darajada lat yeyishi. Miya o‘zagi shikastlanishi. Qorin bo‘shlig‘i a’zolari yopiq jarohati. Jigar segmentlarining ezilib yorilishi. Chap bilak suyagining ochiq sinib siljishi. O‘ng boldir sohasi old yuzasi va o‘ng qo‘l tirsak sohalarining 2-darajali kuyishi. 3-darajali travmatik shok» tashxisi bilan olib kelingan edi. Unda belgilangan standartlar bo‘yicha barcha zarur amaliyotlar o‘tkazilgan.

Hozirda 33 nafar bemorda shifokorlar zarur muolajalarni davom ettirmoqda.

Nazoratda turgan bemorlarning 11 nafari RShTYoIM Andijon filialida, 16 nafari Asaka tumani, 4 nafari Bo‘ston tumani, 2 nafari Shahrixon tumani shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarida davolanmoqda.

Ushbu bemorlarning 1 nafari o‘ta og‘ir, 5 nafari og‘ir ahvolda. Sog‘liqni saqlash vazirligi ularning holatini to‘liq nazoratga olgan bo‘lib, bemorlar zarur tibbiy yordam va dori-darmonlar bilan to‘liq ta’minlangan, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, mazkur YTH yuzasidan Andijon viloyati IIB huzuridagi TB tomonidan jinoyat qodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring