Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijon mutasaddilari bir necha yillik muammoni qachon hal qiladi?

Andijon mutasaddilari bir necha yillik muammoni qachon hal qiladi?

Izboskan dehqon bozori

Foto: «Xabar.uz»

Aytaylik, siz hamma narsani birdan xarid qilish uchun bozorga borasiz. Masalan, avval kiyim-kechak va boshqa buyumlarni olasizu, keyin yonboshdagi dehqon bozorida savdo qilishga tushasiz. Yaxshi-da, avval bu bozorga tushib, keyin bir necha kilometr yurib, boshqasiga bormaysiz.

Andijon viloyati Izboskan tumani aholisi esa mana shu muammodan aziyat chekmoqda. Buning ustiga, bozorga olib boradigan yo‘llar talabga javob bermaydi.

Tumandagi buyum bozori
Foto: «Xabar.uz»
Tumandagi buyum bozori
Foto: «Xabar.uz»

Tuman markazi Poytug‘ shahrida ikkita bozor bor: biri buyum bozori, ikkinchisi dehqon bozori. Qizig‘i, ikkalasi ikkita joyda joylashgan, orasidagi masofa bir necha kilometrni tashkil etadi. Undan-da qizig‘i, dehqon bozori 4 yil oldin chiroyli qilib yangitdan qurilgan. Tuman markazida aholi keladigan bozor bitta bo‘lishi inobatga olingan.

Dehqon bozoriga olib chiqadigan ko‘cha
Foto: «Xabar.uz»
Bozor ro‘parasidagi temir yo‘l
Foto: «Xabar.uz»
Piyodalar o‘tishi uchun yo‘l belgisiga haydovchilar bo‘ysunmayapti, svetofor qo‘yish kerak.
Foto: «Xabar.uz»

Mazkur hududdan tahririyatimizga murojaatlar kelib tushgan. Odamlar ikki bozor orasida sarson bo‘layotgani, temir yo‘l, avtomobil yo‘lidan o‘tishda qiynalayotganligi, yangi bozor oldidagi mashina yo‘liga piyodalar uchun svetofor qo‘yilmagani bo‘yicha shikoyat qilishgan. Ushbu holatni o‘rganish uchun Izboskanga yo‘l oldik.

Bozor oldidagi avtoturargoh
Foto: «Xabar.uz»
Rejaga ko‘ra, avtoturargoh bunday ko‘rinishda bo‘lishi kerak.
Foto: «Xabar.uz»

Izboskan tuman hokimligidan hokimni topolmadik, uning birinchi o‘rinbosari bizni qabul qildi. Masalani aytdik. Birinchi o‘rinbosar Elyor Karimovning qayd etishicha, mazkur muammo yuzasidan boshqa OAV ham bir necha bor surishtiruv o‘tkazgan. Demak, bir necha yillardan beri bozor masalasi tayinli yechim topmayapti yoki kimdir tayinli shug‘ullanmayapti. Elyor Karimov bizni yangi qurilgan «Izboskan dehqon bozori» MChJ rahbari Ulug‘bek Husanov bilan uchrashtirdi.

Yangi qurilgan dehqon bozori
Foto: «Xabar.uz»
Yangi qurilgan bozordagi rastalar
Foto: «Xabar.uz»
Yangi qurilgan dehqon bozori
Foto: «Xabar.uz»
Yangi qurilgan dehqon bozori
Foto: «Xabar.uz»

Dehqon bozori rahbari buyum bozoridagilar yangi joyga ko‘chib o‘tishi yuzasidan bir necha marta ogohlantirilganini aytdi. Lekin ular issiq o‘rnini bo‘shatishni istamayaptimi yoki boshqa sabablari bormi, bunga hatto hokimlik ham jiddiy kirishmagan. Bozor qurilgan paytda Izboskan tumanida bir necha bor hokim almashgan. Shu qisqa vaqt ichida ushbu hokimlar bozor muammosi bilan qiziqmagan. Mana, bu mazvu yana kun tartibiga chiqdi.

— Buyum bozoridagi tadbirkorlarga yomonligimiz yo‘q. Agar ular yangi yerga ko‘chib o‘tishni istamasa, faoliyat turi bo‘yicha savdo qilishsin, ishini davom ettirsin. Shunda barchasi qonuniy bo‘ladi. Do‘konlar oldidagi noqonuniy qurilmalarni olib tashlashsin. Bo‘lmasa, mana, yangi bozorga ko‘chib o‘tishsin. U yerda hamma sharoit bor. Boshlanishiga ijara puli ham olmaymiz, har qanday to‘lovlardan ozod qilamiz, — dedi bozor rahbari Ulug‘bek Husanov.

Buyum bozori ko‘chib o‘tishi kerak bo‘lgan hudud huvillab yotibdi.
Foto: «Xabar.uz»
Buyum bozori ko‘chib o‘tishi kerak bo‘lgan hudud huvillab yotibdi.
Foto: «Xabar.uz»
Buyum bozori ko‘chib o‘tishi kerak bo‘lgan hudud huvillab yotibdi.
Foto: «Xabar.uz»

Biz Ulug‘bek Husanov bilan Izboskan dehqon bozoriga bordik. Kiraverishdagi avtomobil to‘xtash joylari betartibligi ko‘ngilni biroz xira qilgan bo‘lsa-da, bozor ichkarisi juda ozoda, tartibli, rastalar toza ekan. Savdo qilishda muammo yo‘q: naqd pul va plastik kartalarga ham savdo bor.

Dehqon bozorining orqa tomonida esa bo‘m-bo‘sh yotgan do‘konlar. Bu do‘konlar buyum bozori uchun mo‘ljallab qurilgan bo‘lib, bir necha yillardan beri huvillab yotibdi. Qarovsiz qolgan mazkur hudud uchun kim javob beradi? Eng qizig‘i, Andijon viloyati hokimligi mutasaddilari bir necha yillik bu muammoga nima uchun e’tibor bermayapti?

Izboskan tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Elyor Karimov 10 kun ichida mazkur masalani hal qilishga va’da berdi. Voqealar rivojini biz bilan kuzatib boring.

Bobur Jalolov,
«Xabar.uz» muxbiri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring