«Andijon hokimining va’dasi va’daligicha qoldi» — tadbirkorlar nimadan norozi?

Prezident tomonidan 21.04.2021 yilda «Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror imzolangandi.
Qaror bilan mas’ul vazirliklar va hokimliklarga Yoshlar sanoat zonalari hududidagi investitsiya loyihalarining ob’yektlari foydalanishga topshirilgunga qadar zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini hamda mavjud resurs va texnik imkoniyatlardan kelib chiqib, ularga talab etiladigan ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi yetkazib berilishini ta’minlash vazifasi yuklatilgandi.
Andijon shahar Yoshlar sanoat zonasidagi tadbirkorlarning «Xabar.uz»ga murojaat qilishicha, ularga yer ajratilayotganda Andijon viloyati hokimi hamma infratuzilmalar bo‘ladi, deb va’da qilgan. Lekin 1 yildan oshsa hamki, hali-hanuz hech nima tugallanmagan.
Tadbirkorlar murojaatida muammolar birma-bir sanalib o‘tilgan, uni asl holicha taqdim etamiz:
Elektr energiyasi muammosi. Bizga yer ajratishayotganda, 3 dona 630 TP (transformator qurilmasi) beriladi deyilgandi, lekin 1 dona 630 TP o‘rnatildi. Qachon yog‘ingarchilik yoki qattiq shamol bo‘lsa svet o‘chadi. Sanoat zonasi bo‘lganidan keyin, tadbirkorga zarur sharoitlarni birinchi navbatda hal qilib qo‘yish kerak emasmidi?
Andijon shahar yoshlar sanoat zonasida jami beshta ko‘cha mavjud, bizga faqat transformatorlar o‘rnatib beriladi, qolganini tadbirkorlar o‘z mablag‘idan sim, stolba olib tortadi, deyishdi. Biz ham ishlarimiz tezroq hal bo‘lsin deb, har bir ko‘chada yettitadan to‘qqiz donagacha stolba va simlarni o‘z hisobimizdan olib qildirdik, lekin baribir bir dona transformator o‘rnatib ketishdi va svet baribir uchyapti!
Gaz masalasi. Sanoat zonasiga gazni ham o‘zimiz tortdik. Atiga 100 metr trubani va ulab berish xizmatini bo‘yniga olishdi, lekin har bir ko‘cha uchun 220 metrdan oshiqroq trubani o‘zimiz olib qildik. Yer ajratishdan oldin bizga faqat eshigimiz oldidan o‘zimiz ulab olishimizni aytishgandi.
Suv muammosi. To‘g‘ri, suvni o‘zlari tortib berishdi. Lekin suv bosimi juda past! Suvni tortgan 1-2 joylarida yoriqlar paydo bo‘lib, suv isrof bo‘lyapti.
Kanalizatsiya muammosi. Bu hozircha mavjud emas, qachon bo‘lishi ham noma’lum.
Yo‘l muammosi. Sanoat zonaga piyoda kirib bulmaydi. Ahvol juda yomon, yomg‘irli kunlarda hamma joy loy bo‘ladi. O‘zimiz shag‘al qildik lekin, lekin baribir kimdir asfalt qilishi kerak-ku!
Xulosa qilib aytganda, tadbirkor foyda uyoqda tursin, xarajatini ham chiqara olmayapti. Faqat zararda, bu sanoat zonasida, har xil turdagi ishlab chiqaruvchilar bor va hammasi zararda.
Misol uchun, konditer sexlarda elektr bo‘lmasa, mahsulotlar isrof bo‘ladi va uni qayta tayyorlab bo‘lmaydi. Plastmassa ishlab chiqaruvchida elektr bo‘lmasa, uskuna keskin harorat tushishi natijasida isitish jihozlari va mahsulotiga katta zarar yetadi. «Drobilka» sexida svet o‘chib qolsa, pichoqlariga zarar yetadi va tadbirkor qiyin holatda qoladi. Va hokazo...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter