«Afrosiyob»da chipta yetishmovchiligiga izoh berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda «Afrosiyob» yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar harakati vaqtida o‘rindiqlarda yo‘lovchilar yo‘qligi haqida xabarlar tarqalmoqda. «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ matbuot xizmati holatga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda «Afrosiyob» yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektrpoyezdi yo‘lovchilar uchun qulay bo‘lgani sababli ular chiptalarni bir oy oldin rasmiylashtirmoqda. Temiryo‘l transportidan foydalanishda yo‘lovchilar jo‘nash muddatidan 1 oy va undan ham oldinroq chiptalarni xarid qilishmoqda. Shu bois bayramlar arafasida chiptalar yetishmasligi ko‘pchilikda noto‘g‘ri tushuncha uyg‘otmoqda.
Shuningdek, ayrim hollarda yo‘lovchilarda poyezdlarga kechikish holatlari kuzatilmoqda. Chiptada yo‘lovchi poyezdning jo‘nash vaqti va yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish 30 daqiqa oldin tugashi haqida ogohlantirish berilgan. Yo‘lovchilar poyezdlarga kech qolmasliklari haqida ogohlantiriladi.
«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» vokzal va poyezdlarda 8 iyul kuni suratga olingan videorolikni qo‘shimcha qildi va fuqarolardan asossiz xabarlarni tarqatmaslikni so‘radi.
Ma’lum qilinishicha, yo‘lovchi poyezdlarga chiptalar 45 kun oldindan ochiq savdoga qo‘yiladi. Ularni temiryo‘l chiptaxonalarida va eticket.railway.uz saytida elektron tarzda rasmiylashtirish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter