Adliya vazirligi Toshkentdagi tadbirkorlar bilan sayyor uchrashuvlar o‘tkazdi
Adliya vaziri R.Davletov rahbarligida tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi tomonidan 2019-yil 30- oktyabr kuni tadbirkorlik sub’yektlari bilan sayyor uchrashuvlar o‘tkazildi. Bu haqda vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.
Ushbu tadbirlar Davlatimiz rahbarining «Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilmoqda.
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda 200 dan oshiq tadbirkorlik sub’yektlari va chet el investorlari ishtirok etishdi. Ulardan 50 ga yaqin murojaatlar kelib tushdi.
Xususan, o‘tkazilgan uchrashuvda murojaatchilar tomonidan yer uchastkasi va kredit ajratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, buzilgan imoratlarga nisbatan kompensatsiya to‘lovlarini undirish, bojxona va soliq to‘lovlari va boshqa bir qator masalalar ko‘tarildi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish davomida vazirliklar, idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari va tijorat banklarining faoliyatiga bevosita taalluqli bo‘lgan ayrim muammolari joyida hal etildi.
Masalan, «Exim Serlen Hoque Corporation» MChJning TIF «Milliy bank» Mirzo Ulug‘bek filiali tomonidan 600 million so‘m miqdoridagi kredit mablag‘lari ajratilmayotganligi hamda «Technology Hadjar Export» MChJning 30 million so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratilishida amaliy yordam ko‘rsatish haqidagi murojaatlari Markaziy bankning Toshkent shahar bosh boshqarmasi tomonidan qisqa muddatda hal etilishi belgilandi.
Shuningdek, «Super Ardua» MChJga ajratilgan yer maydonida qurilishlarni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolari huquqiy tushuntirish berildi.
Shu bilan birga, Respublika ishchi guruhining joylarda o‘tkazilgan uchrashuvlari davomida tadbirkorlik sub’yektlari o‘zlarining qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar oldi.
Ma’lumot uchun: Adliya vaziri R.Davletov rahbarligida tashkil etilgan Respublika ishchi guruhi tomonidan joriy yilning iyun oyidan buyon 9 ta hududda o‘tkazilgan sayyor qabullar davomida 6 000 ga yaqin tadbirkorlardan 1 155 ta murojaatlar qabul qilinib, ularning 93,5% hal etildi.
Tadbir tashkilotchilarining ta’kidlashicha, mazkur uchrashuvlar respublikaning barcha hududlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter