Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Umumiy qiymati 7 mlrd. so‘mdan ortiq noqonuniy tovarlar aniqlandi (video)

Umumiy qiymati 7 mlrd. so‘mdan ortiq noqonuniy tovarlar aniqlandi (video)

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining «Chuqursoy texnik idora» temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan Respublika transport prokuraturasi xodimlari bilan hamkorlikda «Kafolat Poyafzal Invest» ma’suliyati cheklangan jamiyati nomiga 2017-yilning noyabr oyida Xitoydan keltirilgan konteyner belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Yukka tegishli hujjatlarga ko‘ra, ushbu konteynerda qiymati 4,3 ming AQSh dollaridan ortiq salkam 17 tonna poliuretan qoplamali to‘qimachilik matolari bo‘lishi lozim edi.

Bojxona ko‘rigi davomida yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlaridagi ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topmadi. Ya’ni konteynerda ushbu tovarlarning o‘rniga hujjatlarda umuman ko‘rsatilmagan 81 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar, dori va kosmetika vositalari hamda boshqa tovar-moddiy boyliklar borligi aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.

Oradan salkam 1 oy o‘tmay, ushbu korxona nomiga yana Xitoydan keltirilgan 3 ta konteynerda ham shu taxlitdagi bojxona qoidabuzarliklari fosh qilindi. Avvalgi ssenariyni takrorlagan holda bu gal ham poliuretan qoplamali to‘qimachilik matolari niqobi ostida 38 turdagi xalq xo‘jaligi tovarlari, kiyim-kechaklar, maishiy texnika buyumlari va boshqa tovarlarni olib kirmoqchi bo‘lishgan.

Baholash bo‘yicha ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, 4 ta konteynerdagi jami 119 turdagi tovar-moddiy boyliklarning umumiy qiymati salkam 7 mlrd. 300 mln. so‘mni tashkil qildi.

Mazkur holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, sud hukmiga binoan ushbu tovar-moddiy boyliklar davlat egaligiga o‘tkazildi.

Aybdor shaxsga nisbatan esa O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan tegishli jazo tayinlandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring