Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

6 oyga «kesilgan» «alimentchi ota» 38 kunda ozodlikka chiqdi

6 oyga «kesilgan» «alimentchi ota» 38 kunda ozodlikka chiqdi

Voyaga yetmagan farzandlari ta’minotidan bo‘yin tovlash uchun muayyan javobgarliklar mavjudligini ko‘plar biladi. Bunday holatga «alimentchi otalar» ko‘proq tushishi ham ma’lum. Biroq samarqandlik X. Farruh ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment to‘lashni parvoiga keltirgani yo‘q. Davlat ijrochisining to‘g‘ri yo‘l-yo‘rig‘iga ham quloq solmadi. Pichoq suyakka yetgach, uning ishi sudga oshirib yuborildi. Buning natijasida 10 «sutka» o‘tirib chiqdi. Shundan keyin ham uning burniga suv kirsa, qani?! Qo‘lingdan kelgani shumi, qabilida yana yuraverganidan so‘ng MIB xodimlari keskinroq chora ko‘rishga majbur bo‘ldi. Bu safar X. Farruhga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi uni JK(jinoyat kodeksi)ning 122-moddasi (voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash) bilan aybdor deb topib, olti oy muddatga ozodlikdan mahrum etdi.

Shundan keyingina u va uning yaqinlari harakatga tushsami?! Bir oyga yetib-yetmagan muddatda alimentdan hosil bo‘lgan bir necha millon so‘mlik qarzdorlikni bartaraf etgach, darhol jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudiga murojaat etdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi sudyasi B. Aliqulovning «Xabar.uz»ga tushuntirishicha, X. Farruh darhol ozodlikka chiqarildi. Chunki, JKning 122-moddasi 3-qismida, agar shaxs aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq to‘lagan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod qilinadi deb belgilangan. Ya’nikim, alimentdan bo‘lgan qarzdorlikni bartaraf etib, jazodan qutilish mumkin, illo alimentning o‘zidan qochib qutilib bo‘lmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring