1000 nafar xodim xorijiy davlatlarga stajirovkaga yuboriladi
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, Agentlik davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi bo‘yicha qonun hujjatlarining so‘zsiz bajarilishini o‘rganadi.
Qaror bilan davlat organlari va tashkilotlari kadrlar bo‘linmalarining asosiy vazifalari belgilandi.
Qarorga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarining o‘rta va quyi bo‘g‘inidagi eng istiqbolli xodimlarning kamida 1000 nafarini 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan muddatda xorijiy davlatlarga stajirovkaga yuborish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi.
Stajirovka o‘tayotgan shaxslarga stajirovka o‘tayotgan mamlakatdagi O‘zbekiston Respublikasi elchisi mehnatiga haq to‘lash miqdorining 60 foizi miqdorida o‘rtacha oylik ish haqi to‘lanadi.
Xodim stajirovka tugagandan so‘ng davlat organi va tashkilotiga kamida 2 yil ishlab berishi shart.
Qaror bilan Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Davlat fuqarolik xizmatchilari malakasini oshirish markazi tashkil etildi.
Shuningdek, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter