Prezident qarori: yangi teleradiokanal tashkil etiladi

Toshkent viloyati teleradiokanalini tashkil etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi.
Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar va yaratilayotgan imkoniyatlardan aholining xabardorlik darajasini kengaytirish, shuningdek, hudud tarixi, urf-odat va an’analari, boy tabiati va turizm salohiyatini keng targ‘ib etish hamda mintaqada ta’sirchan media makon yaratishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimida Toshkent viloyati teleradiokanali – «Nurafshon TV» tashkil etiladi.
Quyidagilar Toshkent viloyati teleradiokanalining asosiy vazifalari etib belgilandi:
Toshkent viloyatining ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va madaniy-ma’rifiy hayotida ro‘y berayotgan islohotlar, farovonlik, taraqqiyot va bunyodkorlik yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar hamda yaratilgan imkoniyatlar haqida aholini muntazam xabardor qilib borish;
joylarda islohotlarni amalga oshirishga to‘siq bo‘layotgan omillarni keng jamoatchilik muhokamasiga olib chiqish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar faoliyati yuzasidan samarali va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;
aholining siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, ularda qat’iy fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatish va ulardan samarali foydalanish masalalarini tele- va radiodastur orqali yoritish;
hududning tarixi, madaniyati, san’ati, adabiyoti va urf-odatlari, boy tabiati, so‘lim go‘shalari va turizm salohiyatini aks ettiruvchi, ularni o‘rganish, asrab-avaylash va keng targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan ko‘rsatuv va eshittirishlar tayyorlash;
aholining intellektual va madaniy saviyasini oshirish, fuqarolarning ongida demokratik qadriyatlarni mustahkamlash, yoshlar va o‘sib kelayotgan avlodni vatanparvarlik, umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalashni targ‘ib qilish;
davlat va nodavlat teleradiokompaniyalar, axborot agentliklari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan axborot almashish bo‘yicha samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter