Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1-maydan boshlab nimalar o‘zgaradi?

1-maydan boshlab nimalar o‘zgaradi?

Foto: Xabar.uz

Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali 2020-yil 1-maydan boshlab o‘zgaradigan eng muhim voqealarning qisqacha sharhini e’lon qildi.

  1. Ai-80 benzini narxini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinadi

Ai-80 markali avtomobil benzini va dizel yoqilg‘isi (shu jumladan EKO markali dizel yoqilg‘isi) chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinadi va neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan ularni sotish faqat birja savdolari orqali amalga oshiriladi.

  1. Tibbiyot tashkilotlarida xalq tabobati xonalari ochiladi

Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan, davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs maqomiga ega Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi tashkil etiladi.

Shuningdek, tibbiyot OTMlarida va Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Xalq tabobatini rivojlantirish markazlari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, tuman (shahar), viloyat va respublika darajasidagi davlat ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalarida hamda nodavlat tibbiyot tashkilotlarida xalq tabobati xonalari ochiladi.

  1. Hududlar dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha ixtisoslashtiriladi

Dorivor o‘simliklarni yetishtirish, saqlash, birlamchi yoki chuqur qayta ishlash klasterlari tashkil etiladi, shuningdek, hududlar dorivor o‘simliklar yetishtirish bo‘yicha ixtisoslashtiriladi.

  1. Alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalari joriy etiladi.
  2. Davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va resurslarida axborotni shakllantirish, saqlash va qayta ishlash faqat quyidagi noyob identifikatorlardan foydalangan holda amalga oshiriladi:
  • jismoniy shaxslar — jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR);
  • yuridik shaxslar — soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR);
  • ko‘chmas mulk — kadastr raqami;
  • manzillar — geografik kod;
  • transport vositalari — transport vositasining identifikatsiya raqami.
  1. Sud hukmlari, qarorlari, ajrimlari yoki hal qiluv qarorlari qonuniy kuchga kirgan ishlar prokuror tomonidan tomonlarning (prokurordan tashqari) murojaati mavjud bo‘lgandagina suddan talab qilib olinadi.
  2. Bog‘cha puli miqdorlari o‘zgaradi

Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlari o‘zgaradi.

  1. Bo‘stonliqda turar joyni ijaraga berganlik uchun alohida soliq tartibi joriy etiladi

2020 yil 1 maydan boshlab, 2021 yil 1 maygacha Bo‘stonliq tumanida tajriba tariqasida soliq solish ob’yektlarini hisobga olish va soliq ma’muriyatchiligining alohida tartibi joriy etiladi.

Tajriba davrida jismoniy shaxslar tomonidan dam olish uylari, dala hovli, yakka tartibdagi uy-joylar va yashash uchun mo‘ljallangan boshqa turar joylar, shuningdek, ayrim mol-mulk turlari soliq organlarining tayanch punktlari tomonidan soliq solish ob’yektlarining hisobga qo‘yilgani to‘g‘risidagi bepul beriladigan guvohnoma asosida ijaraga beriladi.

  1. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazi direktori mehnatga haq to‘lash shartlari bo‘yicha OTM rektoriga, direktor maslahatchisi va direktor o‘rinbosarlari — OTM prorektoriga, boshqarma va bo‘lim boshliqlari — fakultet dekaniga, bosh mutaxassis — katta o‘qituvchiga, yetakchi mutaxassis — o‘qituvchiga tenglashtiriladi.
  2. Davlat qurilish nazoratining yangi tartibi joriy etiladi

Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va hududiy inspeksiyalar tomonidan qurilishi tugallangan ob’yektlardan foydalanishga ruxsat berish tartibini joriy qilgan holda, moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar xavf-xatar toifasi past ob’yektlarni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha mavjud tartib-taomillar bekor qilinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring