Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi soliq tizimi maoshga qanday ta’sir qiladi? (tahlil)

Yangi soliq tizimi maoshga qanday ta’sir qiladi? (tahlil)

Фото: «Xabar.uz»

O‘zbekiston soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilib, O‘zbekiston normativ-huquqiy hujjatlarining muhokamasi portalida e’lon qilingandi. Ushbu konsepsiya shu kunlarda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Taniqli jurnalist va buxgalter Qahramon Aslanov o‘z tahlilida soliq sohasida kutilayotgan o‘zgarishlar oddiy ishchilarning daromadiga qanday ta’sir qilishini batafsil hisoblab chiqdi. Tahlil «Kun.uz» nashrida e’lon qilindi.


Amalga oshirilayotgan har qanday islohotlar munozaralar uchun ochiq bo‘lgani yaxshi. Jumladan, soliq sohasidagi kutilayotgan o‘zgarishlarning mamlakatimiz iqtisodiyotiga, eng muhimi, oddiy fuqarolarning ijtimoiy ahvoliga qay darajada ta’sir qilishini o‘rganish, tushunishga harakat qilish ham juda dolzarbdir.

Misol uchun, ish haqidan to‘lanadigan soliqlar va ajratmalarning mazmuni va xajmidagi o‘zgarishlarni olaylik. Ochig‘ini aytish kerak, bu borada juda ko‘p gaplar aytilib, yakunda hammasi ish beruvchi va ishlovchilar bo‘ynidagi soliq yukini kamaytirishga qaratilgani iddao qilinsa-da, hisob-kitoblar biroz umumiy taqdim etilmoqda. Buning sababi ham tushunarli, biz hozir «eski» deb atayotgan joriy tizimda ish haqidan soliq va ushlanmalarni hisoblash o‘ta murakkab va bir qarashda yangi tizim bilan solishtirish qiyin. Keling, shu ish bilan shug‘ullanib ko‘ramiz. Agar hech bo‘lmasa 4-sinfgacha matematikadan yaxshi o‘qigan bo‘lsangiz, meni tushunishingiz oson kechadi.

ISh HAQIDAN AJRATMALAR QANDAY UShLAB QOLINADI?

Ish haqidan daromad solig‘i qo‘yidagi to‘rt shkala bo‘yicha ushlab qolinadi.

Bu shkalani tushunishda bir chalkashlik mavjud – eng kam ish haqining o‘n barobaridan yuqori oyliklar uchun 22.5 foiz ushlanadi, deyilganda, bu foiz o‘sha oylikning hammasi emas, o‘n barobardan oshgan qismiga qo‘llaniladi xolos. Ya’ni 1 800 000 so‘m oylikdan (eng kam ish haqining o‘n barobari – 1 722 400) faqat 77 600 so‘m (1800 000 – 1 722 400) qismidan 22.5 foiz daromad solig‘i hisoblanadi, qolgan qismlaridan ko‘rsatilgan tegishli foizlarda ushlab qolinadi.

Qolgan 1 722 400 so‘m oylikdan qo‘yidagicha daromad solig‘i olinadi:

  • Bir baravargacha - 172 240 so‘mdan 0 foiz = 0 so‘m;
  • 1 baravardan 5 baravargacha - 861 200 - 172 240 = 688 960 so‘mdan 7.5 foiz = 51 672 so‘m;
  • 5 baravardan 10 baravargacha - 1 722 400 - 861 200 = 861 200 so‘mdan 16.5 foiz = 142 098 so‘m.

Demak, 1 722 400 so‘m maoshdan jami 193 770 so‘m daromad solig‘i ushlanadi. Keyingi qo‘shilgan har yuz so‘m uchun 22.5 foiz, ya’ni 22.5 so‘m daromad solig‘i qo‘shilib borilaveradi.

Daromad solig‘idan tashqari, ijtimoiy sug‘urta fondiga ajratma mavjud va u ish haqidan 8 foiz miqdorda ushlanadi. Bu ham ishlovchining bo‘yniga yuklanadigan to‘lov hisoblanadi. Demak yuqoridagi namunaga qo‘shimcha qilsak, 1 722 400 so‘m maosh oladigan ishchidan 193 770 so‘mdan tashqari, maoshning 8 foizi, ya’ni, 137 792 so‘m ham ushlanadi.

Ishchining qo‘liga hammasi bo‘lib, 1 722 400 - (193 770 + 137 792) = 1 390 838 so‘m tegadi.

(Shu o‘rinda yangi tizimda shuncha maosh oladigan ishchining qo‘lga tegishini hisoblab ketamiz: 1 722 400 - 25 foiz = 1 722 400 - 430 600 = 1 291 800. Ya’ni, yangi tizimda shuncha ish haqi hisoblanadigan ishchi qo‘liga deyarli 100 ming so‘m kam oladi. Quyiroqda bu mavzuga yana qaytamiz).

KIChIK VA MIKROBIZNES

Yangi soliq konsepsiyasidagi o‘zgarishlarning ish beruvchi va ishlovchilarning zimmasidagi soliq yukini kamaytirishi ta’kidlanmoqda va bu gapda jon bor. Bu yerda mehnat bozori, talab va taklif kelishuvlaridagi bir jihatga e’tibor qaratish lozim bo‘ladi.

Bilasizmi, yuqorida tilga olingan daromad solig‘i, ijtimoiy sug‘urta ajratmalari ishlovchining oyligidan bosib qolinishi, ya’ni ishlovchi tomonidan to‘lanishi aytilib kelinsa-da, aslida unday emas. Shaklan shunday to‘g‘ri, ammo mazmunan olganda bu biroz boshqacha. Xususiy sektorda oylikdan to‘lanadigan barcha soliqlar ish beruvchining zimmasida bo‘lib kelgan. O‘zim ham shu sohada ishlaganim uchun bilaman. Bu qanday bo‘ladi?

Misol uchun, ishlovchi ish beruvchiga «menga bir million so‘m oylik berasan», deb o‘z talabini qo‘yadi tamom. Ishchining qo‘liga shu mablag‘ tegishi uchun «qog‘oz»da qancha ish haqi hisoblashi kerak, soliqlarga qancha hisoblanadi, bularning barchasi ish beruvchining muammosiga aylanadi.

Endi qarang, qo‘pol tarzda xomcho‘t qilamiz: o‘sha ishchiga 1 million oylik berish uchun korxona unga 1 300 000 so‘m oylik yozadi. 300 ming so‘mni go‘yoki oylikdan ushlanma sifatida daromad solig‘i va 8 foizlik ijtimoiy sug‘urtaga to‘lab beradi. 1 millionni ishchining qo‘liga beradi.

Buning ustiga Yagona ijtimoiy to‘lov bor. Bu ajratma ish haqidan 15 foizni (kichik korxonalarda) tashkil qiladi va buni to‘lab berish ish beruvchining bo‘ynida. Demak, 1 300 000 ish haqidan 15 foiz, ya’ni 195 000 so‘m soliqqa yana to‘laydi.

Demak, bir ishchining qo‘liga 1 million pul berish uchun korxona o‘rtacha 1 500 000 so‘m harajat qilmoqda. 50 foiz. Oylik kattalashgan sari foiz ham oshib boradi. (aynan shuning uchun, ayrim xususiy korxonalarda ishchiga aslidan kamroq ish haqi hisoblab, soliqni kamaytirish, qolgan qismini esa, jargonda aytganda «konvertda» berish odat tusiga kirgan).

Endi mana shu korxona yangi tizimda kamroq harajat qiladi. Bir ishchiga 1 million oylik berish uchun taxminan 1 335 000 ish haqi hisoblashi kifoya. Bu summadan 25 foiz ushlanganda, 1 million so‘m qoladi, tamom. Yagona ijtimoiy to‘lov yo‘qligini e’tiborga olsak, jami harajat ham mana shu 1 335 000 so‘mni tashkil qilmoqda. Ya’ni, mana shu bir kishining 1 millionlik oyligining o‘zidan korxona 160 ming so‘m yutmoqda.

Endi mazkur korxona bu tejalgan summani korxonani rivojlantirish uchun sarflaydimi, foydaning oshishi sifatida cho‘ntagiga uradimi yoki ish haqi uchun qilingan harajatni kamaytirmay, ishchining oyligini oshirib beradimi, o‘ziga havola.

Men faqat ishlovchilarning qulog‘iga aytishim mumkin: «endi siz uchun qilinayotgan ish haqi harajatlari kamida o‘n foizga kamaydi, bemalol rahbaringiz oldiga kirib, oylikni biroz oshirishni talab qilavering».

UMUMQABUL QILINGAN SOLIQ TO‘LOVChILAR VA BUDJET TAShKILOTLARI

Eng qizig‘i mana shu yerda. O‘qituvchilar, shifokorlar, davlat tashkilotlari, bular qatoriga banklar, yirik zavodlarni ham qo‘shish mumkin. Ya’ni, bunday tashkilotda ishlaydiganlar uchun oylikning jami hisoblanishi muhim. Ular o‘sha summadan qanchadir daromad solig‘i ushlab qolinishini yaxshi biladilar va qabul qiladilar. Xo‘sh, deyarli o‘zgarmas oylik stavkasiga ega bo‘lgan ishchi va xodimlarning maoshlarida, aniqrog‘i, «qo‘lga tegishida» aynan qanday o‘zgarish bo‘ladi?

Dastlabki bo‘limda hisoblab ko‘rdik, 1 722 400 so‘m oylik hisoblanadigan «X» xodim endi oyiga yuz ming so‘m yo‘qotar ekan. Endi mavzuga chuqurroq yondoshamiz, xo‘sh, qaysi miqdordagi oylikdan boshlab yangi konsepsiya foydaga ishlay boshlaydi? Qancha oylik oladiganlarning «qo‘lga tegishi» kamayib ketadi?     

Yuqorida 1 722 400 so‘m oylikdan 331 562 (193 770 + 137 792) so‘m ushlanma (daromad solig‘i va ijtimoiy sug‘urta) ajratilishini aytib o‘tdik. Shu summadan keyingi har bir so‘mdan 22.5 foiz (daromad) va 8 foiz (ijtimoiy sug‘urta) - jami 30.5 foiz ushlanib boriladi.

Endi biroz matematika ishlatamiz. Tobi yo‘qlar shu abzatsni o‘qimay ketishlari va yakunni ko‘rishlari mumkin.

1 772 400 so‘m oylikda eski va yangi tizim o‘rtasidagi farq 99 038 so‘mni (430 600 - 331 562) tashkil etgandi. Shkala bo‘yicha 10 barobardan yuqorisiga 30.5 foiz ushlanma bor. Yangi tizimda bu 25 foiz xolos. Ya’ni keyingi har bir so‘mga 5.5 foiz farq qilmoqda. Endi shu farq yo‘qqa chiqishi, ya’ni 99 038 yo‘qolishi uchun 1 800 000 so‘m (99038 ni 5.5 foizga kalkulyatorda bo‘ldik) qo‘shilishi kerak.

3 522 400 so‘m maosh hosil bo‘ldi. Endi tekshirib ko‘rish uchun mana shu maoshdan eski va yangi tizimda ushlanmalar hisoblab ko‘ramiz.

Eski tizimda:

1 722 400 so‘m qismi uchun 331 562 so‘m.

Qolgan qismi 1 800 000 so‘mdan 30.5 foiz (22.5+8) = 549 000

Jami ushlanma – 880 562 so‘m.

Qo‘lga tegadi – 3 522 400 – 880 562 = 2 641 838

Yangi tizimda:

3 522 400 so‘mdan 25 foiz = 880 600 so‘m

Qo‘lga tegadi: 3 522 400 – 880 600 = 2 641 800

Demak, biz bu yerda chegarani topdik, ya’ni eski va yangi tizimda bir xil ushlanma sodir bo‘ladigan maoshni. Mana shuncha maosh oladigan ishlovchi uchun hech narsa o‘zgarmaydi. Bundan kattaroq oylik hisoblanadigan ishlovchi uchun yangi tizim qulay – keyingi har ming sumdan 55 so‘m (5.5 foiz) yutaveradi. Misol uchun, 5  million oylik oladigan ishlovchining qo‘liga avvalgiga nisbatan 82 ming so‘m ko‘proq pul tegadi. (Aksincha, 3 522 400 so‘mdan kam maosh oladigan ishlovchilar uchun eski tizim yaxshiroq bo‘lgan. Yuqorida masalan, 1 722 400 so‘m maosh oladigan odamning qo‘lga tegadigan oyligi salkam 100 ming so‘mga pasayganini hisoblab ko‘rgandik)

AMALIYoT DARSI

Endi siz ham qog‘oz, qalam, kalkulyator olib, misol uchun, siz ishlaydigan korxonaning qorovulini oyligini hisoblab ko‘ring. Natijalarni solishtiramiz.

Aytaylik, unga 600 000 so‘m ish haqi hisoblanadi. Eski tizimda undan 32 082 + 48 000 = 80 082 ming so‘m ushlab qoladi va amakining qo‘liga 519 918 so‘m tegadi. Yangi tizimda esa, 25 foiz, ya’ni 150 ming so‘m ushlab qolinadi. Qorovul endi 450 000 so‘m oladi. Farq - 69 918 so‘m. Yo‘qotish – 15 foiz. Sizda qanaqa chiqdi?

Umuman maoshini bilgan har bir inson undan 25 foiz chegirma hisoblab ko‘rishi va eski tizimdagi «qo‘lga tegadigan» summa bilan taqqoslab olishi mumkin.  Lo‘nda qilib aytganda, oyligi past bo‘lganlar yutqazyapti, ko‘p bo‘lganlar yutyapti. Qo‘yidagi jadval buni tushunib olishga yordam beradi:

XULOSA

Xulosa qilib aytish mumkinki, aslida hammasi juda murakkab va tarozining bir necha pallasi mavjud.

Shu hisob-kitoblarga asosan bir nechta tezisni tilga olish mumkin:

  • Budjet va shunga o‘xshash tashkilotlarda ishlovchilarning maoshlari aksariyat hollarda yuqoridagi chegaradan (3 522 400) pastligini inobatga olsak, ular tasarruf etadigan mablag‘lar sezilarli yoki sezilarsiz kamayadi. Balkim budjet tashkilotlarida oylik-maoshlarning oshirilayotgani qaysidir jihatdan mana shu farqlarni qoplash ham uchundir, kim biladi...
  • Xususiy korxonalarda rostan ham ish haqi uchun harajatlar deyarli ikki barobar kamayishi aniq. Endi bu tejalgan mablag‘lar hisoblanayotgan ish haqlarini yashirmasdan ko‘rsatish, korxonani yanada rivojlantirish va eng asosiysi ishlovchilarning oyliklarini oshirishga yo‘naltirilsa nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.
  • Ko‘rib turganingizdek, «eh yomon bo‘ldi», «endi zo‘r bo‘ldi» qabilidagi umumiy fikrlarni chetga surgan holda, vaziyatga har bir shaxs yoki korxona individual yondoshgani va aynan o‘zi uchun qanday ta’sir ko‘rsatayotganiga baho bergani eng to‘g‘ri yo‘ldir.
  • Qolgan qismlarida davlatimizga ishonamiz va hammasi xalqning ijtimoiy farovonligi uchun bo‘layotganiga shubhamiz yo‘q.

Aytgancha: daromad solig‘i alohida bir oy uchun hisoblandi. Korxonalarda oyma-oy o‘sib boruvchi yakun bilan hisoblanishi bois, kichik summalarga farqlanishi mumkin. Agar maosh o‘zgarmas bo‘lsa farq qilmaydi.

Aytgancha - 2: Eski tizimda daromad solig‘ining 2 foizi jamg‘arib boriladigan pensiya jamg‘armasi (INPS) shaklida ishlovchining Xalq bankidagi maxsus hisobida yig‘ilib borilardi. Ushbu summa ishlovchining o‘ziniki bo‘lib, pensiyaga chiqqanda bankdan olishi mumkin edi. Ya’ni, mazmunan yuqorida biz hisoblagan daromad soliqlarini 2 foizga pastroq bo‘lganini ham inobatga olish lozim.    

Aytgancha - 3: hisob-kitoblarimizda korxonalarning, masalan, kasaba uyushmalari uchun hisoblaydigan ushlanmalarini (1 foiz) tilga olmadim. Tag‘in, bu hisob-kitoblarga ishonib, buxgalteringizni oldiga kirib janjal qilmasligingizni so‘rayman.

Qahramon Aslanov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring