Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

To‘lov tashkilotlari uchun yangi cheklov o‘rnatilmoqdami? Markaziy bank izohi

To‘lov tashkilotlari uchun yangi cheklov o‘rnatilmoqdami? Markaziy bank izohi

Ijtimoiy tarmoqlarda to‘lov tashkilotlari uchun transchegaraviy pul o‘tkazmalariga doir o‘rnatilayotgan cheklovlar yuzasidan tarqatilayotgan xabarlar bo‘yicha Markaziy bank quyidagilarni bildirdi.

«BRIO GROUP» MChJ to‘lov tashkiloti tomonidan Ichki nazorat qoidalarining (ro‘yxat raqami 3266, 2020 yil 30 iyun) 31¹-bandi talablari, ya’ni oluvchisi va (yoki) jo‘natuvchisi haqidagi talab qilingan ma’lumotlarni aks ettirmasdan va ushbu turdagi xalqaro pul o‘tkazmalarini aniqlash bo‘yicha asosli va imkoni mavjud bo‘lgan zaruriy choralar ko‘rilmaganligi ma’lum qilinadi.

«Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, rezident yuridik shaxslarga chet elda hisobvaraqlar ochish va undagi valyuta mablag‘larini tasarruf etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Hukumatining qarorlari doirasida amalga oshirilishi mumkin.

Biroq, amaliyotda «BRIO GROUP» MChJ (OSON) to‘lov tashkiloti xorijiy bankda hisobvaraq ochib, mazkur bank hisobvarag‘i orqali yuqoridagi Qonun talablariga zid ravishda amaliyotlar o‘tkazgan.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining «To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida»gi Qonuni 4-moddasiga asosan to‘lov tashkiloti – bank hisoblanmaydigan, to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxsdir. Shuningdek, to‘lov tashkilotlari Markaziy bank litsenziyasi asosida respublika hududida to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish huquqiga ega.

Shu bilan birga, to‘lov xizmatlari – to‘lov yetkazib beruvchining (to‘lov tashkiloti) to‘lov xizmatlaridan foydalanuvchiga (mijozga) ko‘rsatadigan xizmati bo‘lib, bunda to‘lov tashkilotlari bevosita tovarlarni (xizmatlarni) sotib oluvchi yoki sotuvchi sifatida ishtirok etmaydi va to‘lovlarini chet eldagi benefitsiarlarga yetkazib berish hamda ulardan qabul qilish xizmati ular uchun tashqi savdo operatsiyasi hisoblanmaydi.

Shu munosabat bilan, to‘lov tashkilotlari o‘z mijozlarining to‘lovlarini chet eldagi benefitsiarga yetkazib berish amaliyotlarini tashqi savdo operatsiyasi sifatida tasniflab, qabul qilingan mablag‘larni boshqa valyutalarga ayirboshlashlari, shuningdek, transchegaraviy va davlatlararo tranzit tashkiloti sifatidagi operatsiyalarda ishtirok etishlari qonunchilikka muvofiq emas.

O‘zbekiston Respublikasida xalqaro to‘lov xizmatlari va transchegaraviy pul o‘tkazmalari, shuningdek, xalqaro onlayn xizmatlarga to‘lovlar bo‘yicha hech qanday cheklovlar o‘rnatilmagan bo‘lib, tijorat banklarining platformalari orqali to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bundan keyin ham to‘lov tashkilotlari faoliyatida qonunchilik buzilishi holatlarini muntazam ravishda nazorat qilib, to‘lov tashkilotlari qonunchilik doirasida faoliyat yuritishlari borasida barcha choralarni ko‘radi, deyiladi Markaziy bank xabarida. (https://t.me/markaziybank_matbuotkotibi/4842).

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring