Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Xitoy forumida muhim yangilikni e’lon qildi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Xitoy forumida muhim yangilikni e’lon qildi

Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifining ishbilarmonlik tadbirlari davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Guandun muzofoti partiya qo‘mitasi kotibi Xuan Kunmin bilan birgalikda Shenchjen shahrida o‘tayotgan qo‘shma Investitsiya forumida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yil may oyida Xitoyga davlat tashrifi doirasida ham ushbu mamlakat ishbilarmon, moliya va investitsiya doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan edi. O‘shanda erishilgan muhim kelishuvlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni yanada kengaytirdi.

Bugungi investitsiya forumi samarali muloqotning davomi bo‘lib, ikki mamlakat idoralari va hududlari rahbarlarini, Xitoy yirik biznesining 600 nafardan ziyod vakilini to‘pladi. Xitoyning Milliy neft-gaz korporatsiyasi, Milliy kimyo-injiniring kompaniyasi, Aerokosmik ilmiy-sanoat korporatsiyasi, «China Energy», «Gezhouba Group», «China CAMC Engineering», «Huawei Technologies», «SANY Renewable Energy», «BYD Auto Industry», «Xinjiang Hualing Group», «ZTE», «TBEA», «Universal Energy» kompaniyalari, Xitoy taraqqiyot banki, Davlat taraqqiyot banki, Eksport-import banki shular jumlasidan.

Davlatimiz rahbari forumni ochar ekan, barcha ishtirokchilarni samimiy qutladi va tadbir haqli ravishda Xitoyning innovatsiyalar poytaxti hisoblangan Shenchjen shahrida o‘tkazilayotganida o‘ziga xos ramziy ma’no mujassam ekanini ta’kidladi.

— Bugun mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng qamrovli va o‘zaro manfaatli munosabatlar, birinchi navbatda, iqtisodiy hamkorlik aloqalaridan kuch oladi, — dedi Prezident.

Kecha XXR Raisi Si Szinpin bilan samarali muzokaralar o‘tkazilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Erishilgan natijalardan biri mamlakatlarimiz biznes vakillari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ularga qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha kelishuvlar bo‘ldi.

Qabul qilingan tarixiy hujjat – O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarini barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik darajasiga olib chiqadigan davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti ham bunga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Prezidenti ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal sur’atda o‘sib, keng ko‘lam kasb etayotganiga alohida e’tibor qaratdi.

Xususan, keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi ikki barobar ko‘payib, 2023 yilda rekord ko‘rsatkich — 14 milliard dollarga yetdi. Davlatimiz rahbari yaqin yillarda, shu jumladan qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni kengaytirish, ayrim turdagi mahsulotlar bo‘yicha imtiyozli savdoni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida yangi hukumatlararo bitim tuzish orqali bu ko‘rsatkichni 20 milliard dollarga yetkazish uchun imkoniyat borligini yana bir bor qayd etdi.

Xitoyning O‘zbekistonga kiritgan umumiy investitsiyalari hajmi 14 milliard dollardan oshdi. Xitoy sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni uch barobar ko‘paydi.

Davlatimiz rahbari yaqinda Urumchida o‘tgan hududlararo forum va sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasida muhim investitsiya kelishuvlari imzolanganini yuqori baholadi.

O‘zbekiston tomoni ushbu ishbilarmonlik platformasiga tizimli tus berish va navbatdagi forumni yurtimizda o‘tkazishga tayyorligi bildirildi. Shuningdek, davlatimiz rahbari doimiy faoliyat yuritadigan ikki mamlakat hududlari kengashini tashkil etish bo‘yicha rejalarni olqishladi.

Ma’lumki, Yangi O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish va bozor mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

Yuqori texnologik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tuzilgan. Shu oydan boshlab «sanoat ipotekasi» ishga tushirilmoqda, bunda yer va ishlab chiqarish maydonlari «tayyor biznes» shaklida investorlarga beriladi.

Yirik banklar, sanoat va infratuzilma ob’yektlarini xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilishga katta e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Birgalikdagi sa’y-harakatlarni yangi loyiha va tashabbuslarni ilgari surishga safarbar etish muhimligini qayd etib, davlatimiz rahbari kelgusi hamkorlikning ustuvor va istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.

Bular — infratuzilmani rivojlantirish loyihalariga Xitoy moliya institutlari mablag‘larini jalb qilishning soddalashtirilgan tartibini joriy qilgan holda ushbu mamlakat kompaniyalari bilan sheriklikni kengaytirish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida, shu jumladan strategik xomashyoni chuqur qayta ishlashda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligini barqaror yuritishda Xitoyning ilg‘or texnologiyalarini jalb qilish hamda yerlarni qayta tiklash va tuzga chidamli o‘simliklarni ekish bo‘yicha ilmiy yondashuvlarini joriy qilish.

«Yashil» energetikada strategik sheriklikni yanada ilgari surish va Xitoy kompaniyalarining xususiylashtirish dasturida ishtirok etishi ham muhim yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

Shu munosabat bilan investitsiya loyihalari portfelini, infratuzilma va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturlarini kengaytirish bo‘yicha xitoylik sheriklar bilan kelishuvlarga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Shuningdek, tashrif davomida Xitoyning yetakchi banklari tomonidan loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirish, Eksport-import banki vakolatxonasini ochish va Ipak yo‘li fondi bilan birgalikda yangi Investitsiya platformasini yaratish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar xitoylik hamkorlarning O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli faoliyatiga kuchli sur’at bag‘ishlashi ta’kidlandi.

— Yana bir yangilik. Har bir xitoylik hamkorga loyihalar boshidan oxirigacha hamrohlik qiluvchi investitsiya menejeri tayinlanadi. Ular kompaniyalaringiz loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishida yangi imkoniyatlar yaratishiga qat’iy ishonamiz, — dedi Prezident.

Guandun muzofoti partiya qo‘mitasi kotibi Xuan Kunmin ham forum ishtirokchilariga murojaat qildi. Prezidentimiz olib borayotgan ortga qaytmas islohotlar siyosatini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirib, O‘zbekistonda ochilayotgan katta imkoniyatlarni qayd etdi hamda Xitoy biznesini mamlakatimizda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishda yanada faolroq ishtirok etishga chaqirdi.  

Biznes forumi yakunida energetika, neft-gaz, tog‘-kon, elektrotexnika, yengil sanoat, mashinasozlik, infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, transport va logistika sohalarida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hujjatlarning katta to‘plami imzolandi.

«Yo‘l xarita»si ishlab chiqilib, har bir loyihaga mas’ul menejerlar biriktiriladi.

Yakunda O‘zbekiston Prezidenti ushbu Guandun investitsiya forumini har yili tashkil etish tashabbusini ilgari surib, uning navbatdagi uchrashuvini kelgusi yilda Samarqand shahrida o‘tkazishni taklif qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring