Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev navbatdagi yig‘ilishni o‘tkazdi

Shavkat Mirziyoyev navbatdagi yig‘ilishni o‘tkazdi

12 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Strategik rivojlanish agentligi faoliyati muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda davlat rahbari har bir investitsiya loyihasini doimiy nazoratga olib, tashabbuskorlarga ko‘maklashish va o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Turizm, tibbiyot va mashinasozlik tarmoqlari, hududlardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Xorazm viloyatlarida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish darajasi pastligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois ular bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqib, qo‘shimcha sarmoyalar yo‘naltirish vazifasi qo‘yildi.

Prezident ishlab chiqarishni va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Mahalliy mahsulotlar turini ko‘paytirish, bu borada tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Jumladan, yurtimizda ishlab chiqarilmaydigan tovarlarni o‘zlashtirgan mahalliy korxonalar mahsulotlari kafolatli xarid qilinadi. Bu jarayonga hokim yordamchilarini ham jalb etish muhimligi aytildi.

Aholi turmush sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan ta’lim, tibbiyot, suv ta’minoti, yo‘l va boshqa infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda shaffoflikni ta’minlash va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Sog‘liqni saqlash sohasi, Orolbo‘yi mintaqasi uchun trast fondi kabi ijtimoiy muhim yo‘nalishlarga xorijiy grantlar jalb qilish kerakligi aytildi.

Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Shavkat Mirziyoyev Prezident saylovi oldidan xalq bilan uchrashuvlarda har bir tumanda loyiha guruhlari va xolding kompaniyalari tashkil etilishini aytgan edi. Yig‘ilishda ushbu tizimni joriy etish borasida qilinayotgan ishlar taqdimoti ham o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari loyiha guruhlari mutaxassislarini bir tizim va metodologiya asosida ishlashga o‘qitish kerakligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda eksport masalasi atroflicha tahlil qilindi. Bu boradagi prognozlarni bajarish uchun sanoatga alohida ahamiyat qaratish, qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish zarurligi qayd etildi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 iyuldagi farmoniga muvofiq, Strategik rivojlanish agentligi tashkil etilgan edi. Bu Agentlikka investitsiyalarni jalb etish va loyihalarni amalga oshirishning strategik masalalarini o‘rganish, investitsiya faoliyatining istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash, xalqaro tajriba asosida iqtisodiyot tarmoqlarini isloh qilish va hududlarning investitsiya salohiyatini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kabi ko‘plab vazifalar yuklatilgan.

Yig‘ilishda mazkur Agentlikning tuzilmasi, shu kungacha qilingan ishlar va joriy yilgi rejalar haqida axborot berildi.

Bugungi kunda Agentlik boshqarmalari shakllantirilgan, ularga yetakchi xorijiy universitetlarda o‘qigan, tashabbuskor va bilimli mutaxassislar jamlangan.

Agentlikning bu yilgi rejasi 18 ta muhim tadbirdan iborat. Investitsiya loyihalarini ilgari surishning yangi mexanizmini joriy etish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish orqali investitsiya muhitini yaxshilash, investitsiya muhiti bo‘yicha hududlar reytingini yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlarning tizimli muammolarini aniqlash va hal qilish bo‘yicha onlayn platformani ishga tushirish, Jahon banki bilan birgalikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasini ishlab chiqish shular jumlasidan.

– Bu Agentlik investitsiya hajmini kengaytirish va eksport salohiyatini oshirishga zamin yaratadi. Shu bois, hudud va tarmoqlarni strategik rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish, bunga xorijdan malakali mutaxassis va maslahatchilarni ham jalb qilish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Strategik rivojlantirish bo‘yicha metodologiya yaratib, uni har bir hudud va tarmoqda joriy qilish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring