Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Matbuot Putinning so‘nggi qarori ortida xosiyatsizlik ko‘rdi

Matbuot Putinning so‘nggi qarori ortida xosiyatsizlik ko‘rdi

12-may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning farmoni bilan mudofaa vaziri Sergey Shoygu lavozimidan olindi.

Urush sharoitida yashayotgan mamlakat hukumatidagi muhim mansabga mutaxassisligi iqtisodchi bo‘lgan Andrey Belousov tayinlandi.

Putinning ko‘p yillik qadrdoni va safdoshi bo‘lgan Shoyguning Ukrainada urush ayni qizigan pallada ishdan olinishi, boz ustiga, mudofaa sohasiga harbiy emas, fuqarolik jabhasi vakilining rahbar etib tayinlanishi kutilmagan qaror o‘laroq qabul qilindi.

S.Shoygu karerasida “intihoning ibtidosi” boshlangani aytilmoqda.

Jahon matbuoti va siyosiy tahlilchilar Kreml ushbu siyosiy rokirovka orqali nimani ko‘zlaganini faol muhokama qilmoqda.

65 yoshli Andrey Belousov uzoq yillar Rossiya Fanlar akademiyasi tizimida faoliyat olib borgan. Hukumat tuzilmasiga ancha kech o‘tgan. 2012-2013 yillarda Rossiya iqtisodiy taraqqiyot vaziri, 2013-2020 yillarda prezidentning iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, 2020 yildan hozirga qadar hukumat raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

A.Belousov Rossiyaning Qrimni anneksiya qilishini qo‘llav-quvvatlagan Putin atrofidagi sanoqli iqtisodchilardan biridir.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan YeI, AQSh va boshqa qator davlatlar unga nisbatan sanksiya joriy qilgan.

A.Belousov iqtisodchi sifatida liberal qarashlarga u qadar moyil emasligi,  iqtisodiyotda davlat ishtirokini kuchaytirish tarafdori ekani aytiladi.

“The New York Times” gazetasining yozishicha, shoshilinch qarorlardan qochadigan Putinning mudofaa vazirligiga A.Belousovni olib kelishi Ukrainadagi ikki yillik urushdagi burilish nuqta bo‘lishi mumkin. Binobarin, Rossiya qo‘shinining Ukrainadagi muvaffaqiyatsizligi mudofaa vazirini o‘zgartirishni taqozo etgan.

Siyosatshunos Arkadiy Dubnovga ko‘ra, 2023-yilning yozida “Vagner” xususiy harbiy shirkati rahbari Yevgeniy Prigojin tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishiga urinish mantiqan mudofaa vazirining ishdan ketishi bilan yakunlanishi kerak edi. Sir emas, g‘alayon ortidan sirli tarzda halok bo‘lgan Prigojin mudofaa vaziri Sergey Shoyguning ashaddiy tanqidchisi edi.

Aksar nashrlar iqtisodchining mudofaa sohasiga rahbar etib tayinlanishidan ko‘zlangan maqsad mamlakat iqtisodiyotini harbiylashtirish deb hisoblaydi. Jumladan, “The Washington Post” gazetasining yozishicha, Putin bilan iqtisodiy masalalarda hamfikr bo‘lgan yangi mudofaa vaziri mamlakat iqtisodiyotini harbiy relsga o‘tkazadi.

A.Belousov nomi G‘arb davlatlari “qora ro‘yxati”ga tirkalgan.

Fransuz matbuoti esa ushbu o‘zgarish ortida xosiyatsizlik – Kremlning G‘arb bilan uzoq yillik ixtilofni qasd qilganini ko‘rgan.

“Ushbu tayinlov Rossiya iqtisodiyotining tobora harbiylashayotgani, mamlakat nafaqat Ukraina urushidagi muammolarni hal etishga urinayotgani, shu bilan birga, G‘arb bilan uzoq muddatli ziddiyatga hozirlik ko‘rayotganidan ham dalolat beradi”, – deb yozdi “Le Monde” gazetasi.

So‘nggi vaqtlarda Rossiya mudofaa vazirligi tizimida korrupsiya bilan bog‘liq talay shov-shuvli ishlar o‘rtaga chiqdi. Masalan, joriy yil 23 aprel kuni mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov korrupsiyaga doir jinoyat ishi doirasida qo‘lga olindi. S.Shoyguning muovini katta miqdorda pora olganlikda ayblanmoqda.

Bu kabi jinoiy ishlar vazirlik obro‘siga soya solgani shubhasiz. Shunga ko‘ra aksar tahlilchilar yangi mudofaa vaziri zimmasiga tizimda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish vazifasi ham yuklanganini aytmoqda.

Darvoqe, S.Shoygu ishsiz qolgani yo‘q, u RF Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimiga tayinlandi. Ammo siyosatshunoslar u o‘z karerasida “intihoning ibtidosi” davriga qadam qo‘ydi degan fikrda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring