Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qashqadaryodagi «noxush manzara»ga qisman izoh berildi

Qashqadaryodagi «noxush manzara»ga qisman izoh berildi

Saytimizda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz va Kitob tumanlaridagi bankomatlarning ko‘pida naqd pul tugab qolgani, borlarida esa uzunqator navbatlar hosil bo‘lgani haqida maqola chiqqandi.

Markaziy bank Qashqadaryo viloyati bosh boshqarmasi ushbu maqola yuzasidan rasmiy izoh berdi. Unga ko‘ra, xorijiy davlatlardagi mehnat muhojirlari tomonidan naqd valyutada pul jo‘natmalari qisqarib, pul mablag‘larini bevosita xorijiy banklarning kartalaridan tijorat banklari kartalariga o‘tkazish amaliyoti ko‘paygani naqd pullarga bo‘lgan talabning keskin oshishiga olib kelgan.

Ushbu holatlar hamda bayram va dam olish kunlaridan kelib chiqib, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi tomonidan aholining naqd pulga bo‘lgan talabini qondirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rib borayotgani aytilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatdagi 12 ta tijorat bankiga qarashli Shahrisabz shahrida 61 ta, Shahrisabz tumanida 14 ta, shuningdek, Kitob tumanida 30 ta bankomatlar kunu tun ishlashi yo‘lga qo‘yilgan.

2022 yil boshidan 30 apreliga qadar Kitob va Shahrisabz tumani hamda Shahrisabz shahridagi bankomatlar orqali aholiga 333,8 mlrd. so‘m miqdorida naqd pullar yetkazib berilgan.

Shuningdek, joriy yil 30 aprelidan 4 mayiga qadar Kitob tumanidagi bankomatlar orqali 7,4 mlrd. so‘m, Shahrisabz shahri va Shahrisabz tumanidagi bankomatlar orqali 16,1 mlrd. so‘m naqd pullar berilgan.

Kitob tumanidagi bankomatlarda 11 mlrd. so‘m, Shahrisabz shahri va tumanidagi bankomatlarda 25,5 mlrd. so‘m naqd pullar qoldig‘i va zaxirasi mavjud. Shu bilan birga, bankomatlarga xizmat ko‘rsatuvchi banklarning xodimlari ham biriktirilgan bo‘lib, ular tomonidan joylarda bankomatlarning ishlashi kuzatib borilmoqda.


Xabar.uz tahriyatidan qo‘shimcha savollar: yuqorida sanab o‘tilgan hududlardagi bankomatlarda naqd pul muammosi yo‘q ekan, unda nega odamlar sarson bo‘lib yuribdi? Nega uzun navbatlar yuzaga kelgan va nima uchun bankomatlar ishlamayapti? Maqolaning bu qismiga ham izoh kutib qolamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring