Prezident yangi farmonga imzo chekdi
Prezidentning «Tadbirkorlik sub’yektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.
Hujjat bilan 2022-yil 1-noyabrdan boshlab:
- bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valyuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 5 foizidan oshmagan taqdirda muddati o‘tgan debitor qarzdorlik hisoblanmaydi va tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan jarima qo‘llanilmaydi;
- eksport qiluvchi tashkilotlarga foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq solinadigan bazani kamaytirish ko‘rinishidagi imtiyozlar tovarlarni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumdagi eksport hajmining ulushidan qat’i nazar qo‘llaniladi;
- qovun, kanakunjut, xantal va maxsar urug‘lari eksportiga ruxsat beriladi.
Shuningdek, eksportchi korxonalarni ochiq tanlov orqali saralab, ularni yetakchi eksportyorlarga aylantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti» dasturi amalga oshiriladi.
Dasturga kiritilgan eksportchi korxonalar:
- eksport va unga tenglashtirilgan operatsiyalarni amalga oshirganda nol darajali QQS stavkasi qo‘llanilishi natijasida hosil bo‘lgan soliqning oshib ketgan qismi ularning murojaatiga asosan tezlashtirilgan tartibda 7 kun ichida to‘liq qaytarib berilishi;
- aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun kredit olishida tijorat banklariga eksport shartnomalarini garov ta’minoti sifatida qabul qilish tavsiya etilishi;
- Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirishi uchun oxirgi 12 oy mobaynida amalga oshirilgan eksport hajmidan kelib chiqqan holda $1 milliondan $5 milliongacha miqdorlarda moliyaviy resurslar ajratilishi;
- bitta xalqaro standartni joriy qilish va sertifikatni olishi uchun ularga $30 mingdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda moliyaviy yordam taqdim etilishi;
- biznes jarayonlar, eksport hajmini oshirish va marketing tadqiqotlarini amalga oshirishi uchun xorijiy maslahatchilar jalb qilinishi belgilab qo‘yildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter