Prezident qarori: «O‘zbekcharmpoyabzali» uyushmasi tugatildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 3-may kuni «Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.
Qaror bilan «O‘zbekcharmpoyabzali» uyushmasi uning tarkibiga charm, mo‘yna xom ashyosi va jun tayyorlash, saqlash va qayta ishlash, chorva mollarini avtomatlashtirilgan holda so‘yish, jun, qorako‘l va sun’iy charmdan buyumlar, charm-attorlik mahsulotlari, poyabzal ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, shuningdek, boshqa tashkilotlar ixtiyoriy ravishda kirgan holda «O‘zcharmsanoat» uyushmasi etib qayta tashkil etildi.
Shuningdek, uyushma «O‘zbekcharmpoyabzali» uyushmasining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi. Quyidagilar uyushma faoliyatining asosiy vazifalari etib belgilandi:
— uyushma a’zolari – tashkilotlarning xo‘jalik faoliyatiga chorva mollarini so‘yish va teri tayyorlashdan xom ashyoni chuqur qayta ishlash hamda charm-poyabzal, charm-attorlik, mo‘yna, qorako‘l va jundan ishlangan tayyor mahsulot va buyumlar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonning barcha bosqichlarida ko‘maklashish;
— korxonalarda ilg‘or texnologiyalarni, xalqaro standartlar talablariga muvofiq sifat menejmenti tizimini tatbiq etishni rag‘batlantirish, Uyushma a’zolari – tashkilotlarni modernizatsiya qilish va texnik jihatdan qayta jihozlashga har tomonlama ko‘maklashish;
— talabi yuqori bo‘lgan sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish, ichki bozorni mahalliy ishlab chiqarilgan import o‘rnini bosuvchi va raqobatbardosh mahsulotlar bilan to‘ldirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
— ichki va tarmoqlararo kooperatsiyani, jumladan, charm, mo‘yna xom ashyosi va junni chuqur qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlar, shuningdek, chorvachilik xo‘jaliklari, furnitura va butlovchi buyumlar ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish;
— charm-poyabzal, mo‘yna, qorako‘l mahsulotlari hamda jundan ishlangan buyumlar segmentlarida ichki va tashqi bozorlarning marketing tadqiqotlarini tizimli ravishda olib borish, tarmoqlarning eksport salohiyatini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash, modellashtirish va brendlash bo‘yicha eng yangi innovatsion ishlanmalardan foydalangan holda xom ashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishning zamonaviy uslublarini, shuningdek, ilg‘or axborot texnologiyalari va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini keng joriy etish;
— malakali kadrlar tayyorlash va tarmoqning ilmiy salohiyatini oshirish, shuningdek, ishlab chiqarishni xom ashyo va materiallarning ekologik toza turlaridan foydalangan holda tashkil etish maqsadida ishlab chiqarish, ta’lim va fanning o‘zaro integratsiyasi uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish;
— uyushma a’zolari – tashkilotlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jumladan, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro munosabatlarda, nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirishlar o‘tkazish jarayonida, shuningdek, sudlarda ishlarni ko‘rishda himoya qilish.
2018-yil 1-iyundan yirik va mayda shoxli mollar, teri, mo‘yna, qorako‘l xom ashyosi va junni yuridik shaxslarga sotishda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash uchun o‘zi ishlab chiqargan mahsulotning kelib chiqishini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish bo‘yicha talab bekor qilindi.
2018-yil 1-avgustdan:
— O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali charmni (TIF TN bo‘yicha 4104-4107, 4112 00 000 0 – 4114 kodlari) olib chiqishga ruxsatnoma berish O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi tomonidan Davlat bojxona qo‘mitasi va uyushma bilan kelishilgan holda narx ekspertizasi va laboratoriya tekshiruvlarini o‘tkazgan holda amalga oshiriladi;
— charmni laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Akkreditatsiya markazi tomonidan akkreditatsiya qilingan organlar tomonidan amalga oshiriladi;
O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali yarim tayyor charmni (TIF TN bo‘yicha 4104, 4105, 41062 kodlari) olib chiqishga ruxsatnoma berish uchun eksport qilinadigan mahsulot qiymatining 5 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter