Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident farmoni: cavdo va xizmat ko‘rsatishda virtual kassalar joriy etiladi

Prezident farmoni: cavdo va xizmat ko‘rsatishda virtual kassalar joriy etiladi

Foto:«Spot.uz»

Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, savdo (xizmat ko‘rsatish) shoxobchalarida aholi bilan amalga oshirilgan hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni davlat soliq xizmati organlariga onlayn uzatishni nazarda tutuvchi virtual kassalar onlayn nazorat kassa mashinalari (onlayn-NKM) qatorida joriy etiladi.

Farmon bilan o‘rnatilgan tartibga muvofiq:

- tadbirkorlik sub’yektlari onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tgan taqdirda: 

• ularga nisbatan amaldagi fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinalarini ishlatish bo‘yicha majburiyatlar bekor qilinadi;

• kunlik o‘rtacha naqd pul tushumi miqdoridan qat’i nazar naqd pulni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali o‘zlari belgilagan davrlarda yoki mustaqil ravishda topshirish huquqiga ega bo‘ladi;

• ularga hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan foyda solig‘i yoki yagona soliq to‘lovi yoxud qat’iy belgilangan soliq summasini uning har birini xarid qilish, o‘rnatish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlar summasiga kamaytirish huquqi beriladi, bunda ushbu summa bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmagan bo‘lishi kerak;

• virtual kassa dasturiy mahsulotining asos qismi (bazasi) ularga Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan bepul beriladi;

- jismoniy shaxslarning bank plastik kartalari yoki chegirma (diskont) kartalariga ommaviy oferta shartlari asosida o‘tkazilgan bonuslar (pul, ball va boshqa birliklar) shaklidagi mablag‘lar (cashback) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bazasi sifatida qaralmaydi;

- jismoniy shaxslarning uy xo‘jaligi sharoitida oladigan daromadlari daromad solig‘idan ozod qilinishida, realizatsiya qilingan mahsulot jismoniy shaxs yoki uning oila a’zolariga ajratilgan tomorqa yer uchastkasida yetishtirilganligini tasdiqlovchi hujjatni talab qilish tartibi bekor qilinadi.

Shuningdek, Farmonga muvofiq onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan taqdim qilingan chekda tovarlar (ishlar, xizmatlar) nomi, miqdori, qiymati (narxi), summasi, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lganda qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi va summasi, shuningdek, QR-kod va fiskal belgi majburiy tartibda aks ettiriladi va ushbu ma’lumotlar aks ettirilmagan cheklar haqiqiy hisoblanmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring