O‘zsanoatqurilishbank tomonidan «Salomatlik va sof tabiat uchun!» ekologik aksiya o‘tkazildi (video)
O‘zsanoatqurilishbank tomonidan «Salomatlik va sof tabiat uchun!» ekologik aksiya o‘tkazildi. Aksiya doirasida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hududini volontyorlik asosida chiqindilardan tozalash ishlari amalga oshirildi.
Prezidentimiz raisligida shu yil 2-fevral kuni chiqindilar bilan ishlash tizimi va ekologik holatni yaxshilash, «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashi kerakligi ta’kidlanib, bunga aholining ekologik madaniyatini oshirish va yosh avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkinligi qayd etildi.
Ta’kidlash joiz, O‘zsanoatqurilishbankni transformatsiya qilish jarayonida uni an’anaviy bankdan «yashil» bank tizimiga bosqichma-bosqich o‘tkazish, bunda qator «yashil» loyihalarni ishlab chiqish ustuvor vazifalar sifatida belgilab olingan.
Bank jamoasi yurtimizda «yashil iqtisodiyot» konsepsiyasi mohiyatini keng targ‘ib etish hamda aholining ekologik va ijtimoiy tavakkalchiliklar borasidagi xabardorligini oshirishga qaratilgan turli tadbirlarda faol qatnashmoqda.
Xodimlar o‘rtasida ekologik turmush tarzi va ish faoliyatini yuritish tamoyillariga rioya etish bo‘yicha qator «yashil» loyihalar amalga oshirilmoqda.
«Salomatlik va sof tabiat uchun!» ekologik aksiyasi ana shu yo‘nalishdagi amaliy ishlarning uzviy davomi sanaladi.
Aksiya davomida Bank xodimlari hamda respublikamizning turli nuqtalaridan ixtiyoriy tarzda jalb qilingan jamoatchilik vakillari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanini bahor va yoz mavsumida to‘planib qolgan maishiy chiqindilardan tozaladi.
– Bankimiz tomonidan hududlarning sanitariya va ekologik holatini yaxshilash sohasida amalga oshirilayotgan hukumat islohotlarida faollik ko‘rsatishi bejiz emas, – deydi «O‘zsanoatqurilishbank» ATB Moliyaviy resurslarni boshqarish bosh direktori I.Hudoyberganov. – Bugungi kunda chiqindilar eng dolzarb ijtimoiy muammolardan biri bo‘lib, ular hajmining ko‘payishi ekologik barqarorlikka juda katta salbiy ta’sir ko‘rsata boshlagan. Aksiyani aynan Bo‘stonliq tumanida o‘tkazish tashabbusiga esa, uning viloyatdagi muhim ekoturizm hudud sanalishi sabab bo‘ldi.
Shuningdek, aksiya doirasida Bank xodimlari uchun yashil tabiat qo‘ynida xalqaro tashkilotlar ekspertlarini jalb qilgan holda trening ham o‘tkazildi.
Unda BMT Taraqqiyot dasturi va Global Green Growth Institute (Global yashil rivojlanish instituti) vakillari o‘z kompaniyalari misolida ekologik muammolar yechimi va rejalari xususida so‘zlab berdi.
So‘ngra Bank mutaxassislari mehmonlarni muassasaning «Green banking» yo‘nalishidagi faoliyati bilan tanishtirdi.
– Biz «yashil» bank tamoyillarini ilgari surish va rivojlantirishda Xalqaro moliya korporatsiyasi konsultantlari bilan birga, ekologlar va texnik mutaxassislarni ham jalb etganmiz, – deydi «O‘zsanoatqurilishbank» ATB «Green banking» departamenti direktori v.v.b B.Axmanov. – Yashil loyihalar sonini ko‘paytirish maqsadida korporativ, kichik va o‘rta biznes hamda jismoniy shaxs maqomidagi mijozlarga mo‘ljallab «yashil» kredit mahsulotlarini joriy qilganmiz. Ekologik va ijtimoiy tavakkalchiliklarni baholash bo‘yicha ichki standartlarni tadbiq etganmiz.
Tadbirda shuningdek, «Green banking» tamoyillari Bankning ishlab chiqarish jarayonida joriy etish boshlangani, bunda energiya va tabiiy resurslardan foydalanishni qisqartirish, jumladan, kompyuterlarni ishdan tashqari vaqtda uxlash rejimiga o‘tkazish, bino va xonalarni to‘liq svetodiod lampalari bilan ta’minlash, harakatlanish datchiklari va sensor kranlar o‘rnatish, xodimlarni xizmat velosipedlari bilan ta’minlash, veloturargohlar barpo etish, manzarali va mevali daraxtlar o‘tkazish, chiqindilarni saralash, mijozlar bilan bank operatsiyalarini avtomatlashtirish, shu jumladan, qog‘oz iste’molini yiliga 30 foizga qisqartirish choralari ko‘rilayotgani ma’lum qilindi.
Trening davomida orttirilgan tajribalardan kelib chiqib o‘rtaga tashlangan yangi g‘oya va takliflar muhokama etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter