O‘zsanoatqurilishbank hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

2021 yil 4 iyun kuni O‘zsanoatqurilishbank rahbariyatining Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Moliyaviy institutlar boshqaruvchi direktori Fransis Malij va Kapitalga investitsiyalar masalalari bo‘yicha boshqaruvchi direktori Xassan El Xatib boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida O‘zsanoatqurilishbank loyihalarini amalga oshirish doirasidagi hamkorlik holati, ikki tomonlama sheriklik munosabatlari rivojining istiqbollari hamda bank-moliya sohasini isloh qilishda YeTTB ko‘magiga oid masalalar muhokama etildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Bankning YeTTB bilan hamkorligi samarali kechdi. Xususan, oxirgi 3 yilda 5 ta ikki tomonlama bitim imzolandi.
Jumladan, 2019 yilda imzolangan revolverli kredit liniyasi doirasida umumiy qiymati 28,4 mln. AQSh dollariga teng 53 ta kelishuv bo‘yicha moliyalashtirish ochilgan. Savdoga ko‘maklashish dasturi (TFP) doirasida esa O‘zsanoatqurilishbank tomonidan 50,5 mln. AQSh dollari miqdoridagi 19 ta loyiha uchun YeTTBning kredit kafolatlaridan foydalanilgan.
Bundan tashqari, 2020 yil iyun oyida imzolangan qiymati 40 mln. AQSh dollariga teng kichik biznes va xususiy tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha zayom bitimi tufayli bank tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining 52 ta loyihasi moliyalashtirildi.
Bugungi kunda tomonlar «Yashil iqtisodiyotni moliyalashtirish mexanizmi» va «Tavakkalchiliklarni taqsimlash mexanizmi» kabi yangi moliyaviy mahsulotlarni bank faoliyatiga joriy etish ustida ish olib bormoqda. Bu, o‘z navbatida, O‘zsanoatqurilishbank tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlariga taqdim etayotgan xizmatlar turlarini kengaytiradi hamda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalariga jalb qilingan korxonalarni moliyalashtirishdan keng foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi.
YeTTB, shuningdek, Bankni transformatsiya qilish jarayonlariga ham har tomonlama ko‘maklashmoqda. Jumladan, Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda mazkur moliyaviy institut tomonidan Bank G‘aznachiligini transformatsiya qilishga KPMGning xalqaro konsultantlari jalb etilgan.
Bank Axborot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter