“O‘zmilliybank” AJ 9 oyda xizmatlar sohasidagi 3 154 ta loyiha uchun 9,5 trln. so‘m bank kreditlari ajratdi
“O‘zmilliybank” AJ tomonidan joriy yilning 9 oyida xizmatlar sohasidagi 3 154 ta loyihani moliyalashtirish uchun 9,5 trln. so‘m bank kreditlari ajratildi.
Xizmat ko‘rsatish sohasi insonlarga munosib sharoit yaratib berish bilan birga mamlakat yalpi ichki mahsulotida hamda aholini ish bilan ta’minlashda o‘zining sezilarli o‘rniga ega bo‘lib bormoqda, uning tarmoqlari va ko‘lami juda keng.
Olib borilayotgan iqtisodiy taraqqiyotning yangi bosqichida xizmatlar sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor berilyapti. Mazkur masala hamisha Davlatimiz Rahbarining alohida e’tiborida bo‘lib, uni xar tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun barcha choralar ko‘rilmoqda.
Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanish bosqichida xizmatlar sohasini jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda va sohada rivojlanishlar sezilmoqda.
Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, xizmatlar sohasida yangi ish o‘rnini yaratish nisbatan kam xarajatli va qisqa muddatda amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, mamlakatda mehnat unumdorligi va inson kapitalini oshirish (ta’lim, aloqa, sog‘liqni saqlash), xalqaro savdoni kengaytirish imkoniyatlari ham xizmatlar sohasining rivojini talab qiladi.
Mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning 40 foizi va umumiy korxonalarning 60 foizi xizmatlar sohasiga to‘g‘ri keladi.
Respublikada jami band aholining 50 foizdan ortig‘i xizmatlar sohasining ulgurji va chakana savdo (10,6 foiz), ta’lim (8,4 foiz), transport (4,8 foiz), sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar (4,6 foiz) yo‘nalishlarida faoliyat yuritib kelmoqda.
Xizmatlar sohasida olib borilgan amaliy chora-tadbirlar evaziga 2021 yilda xizmatlar ko‘rsatish hajmi 283 trillion so‘mga va aholi jon boshiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi esa 8 million so‘mga yetkazildi.
Respublikamizda 2021 yilda 38 mingta yangi xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi korxona va tashkilotlar tashkil etilib, ularning umumiy soni 348 mingtaga yetkazildi hamda sohada jami 468 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
O‘z navbatida, 2021 yilda tijorat banklari tomonidan xizmatlar sohasidagi 33 mingta loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida jami 22 trillion so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan berilgan topshiriqqa asosan, “O‘zmilliybank” AJ qoshida “Xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish Markazi” hamda bankning hududiy filiallarida “Loyiha ofislari” tashkil etildi.
Ushbu Markaz tomonidan xizmatlar sohasining asosiy 60 ta yo‘nalishi bo‘yicha namunaviy biznes-rejalar qo‘llanma-kitobcha ko‘rinishida tayyorlandi hamda hududlarga tadbirkorlar foydalanishlari uchun yetkazib berildi.
Shu bilan bir qatorda, “online-mahalla.uz” onlayn mahalla platformasida aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga daromadli xizmat turini tanlash maqsadida 60 turdagi tayyor biznes g‘oyalar va loyiha takliflari asosida xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qo‘llanmalar, xizmatlar sohasiga berilgan imtiyozlar va qulayliklar bo‘yicha ma’lumotlar joylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi 18 ta hududiy “Ishga marhamat” monomarkazlarda 25 dan ortiq xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida tadbirkorlarni kasbga o‘qitish maqsadida o‘quv kurslari tashkil etildi.
Joriy yilning 9 oyida Monomarkazlarda O‘zmilliybank Markazi ko‘magida jami 42,2 ming nafar fuqarolar xizmat ko‘rsatishning maishiy texnikalarni ta’mirlash, sartaroshlik, stilist, kosmetolog, tikuvchilik, oshpazlik, qandolatchilik, landshaft dizayni, kompyuter savodxonligi, dasturlash hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha tadbirkorlikka hamda kasb-xunarga o‘qitish uchun yo‘naltirildi.
Bugungi kunda, mazkur Monomarkazlarda 10,5 ming nafar fuqorolar xizmat ko‘rsatish va servis yo‘nalishida tabdirkorlik va kasb-hunarga o‘qitilmoqda.
Prezidentimiz tashabbuslari bilan, ushbu sohani rivojlantirish istiqbollari yuzasidan, 2022 yil 27 yanvarda qabul qilingan “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-104-sonli qarorida xizmat ko‘rsatish sohasini yangi bosqichga ko‘tarishning barcha tashkiliy-amaliy mexanizmlari hamda istiqbolli parametrlari belgilab berildi.
Jumladan, 2022-2023 yillarda sohada ko‘rsatilayotgan bozor xizmatlari hajmini 2 barobarga oshirish, yangi xo‘jalik sub’yektlari sonini 500 mingtaga yetkazish hamda aholi jon boshiga xizmatlar hajmini 12 million so‘mga yetkazish
chora-tadbirlari ishlab chiqildi.
Mazkur qarorga muvofiq, amalga oshirilgan ishlar natijasida xizmat ko‘rsatish hajmi 2022 yil 1 oktyabr holatiga 253,8 trillion so‘mga yetkazildi. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 49 trillion so‘mga ko‘pdir.
Iqtisodiyotning muhim qismi sanalgan xizmatlar sohasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida 49 954 ta loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari bilan hamkorlikda 37,3 trln. so‘m kredit mablag‘lari ajratilib, ularning xajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga ortdi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda xizmatlar sohasini rivojlantirish maqsadida respublikamizda jami ajratilgan kredit xajmining 25,5 foizi “O‘zmilliybank” AJning ulishiga to‘g‘ri kelmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida xizmatlar sohsida “O‘zmilliybank” AJ tomonidan 3 154 ta loyihaga 9,5 trln. so‘m kredit ajratildi.
Shu jumladan, Olmazor tumanida “NEW LIFE MEDICAL” xususiy korxonasiga tegishli umumiy qiymati 122 milliard so‘m bo‘lgan zamonaviy ko‘p tarmoqli tibbiyot klinikasi tashkil etish loyihasi uchun “O‘zmilliybank” AJ tomonidan 84 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi.
“NEW LIFE MEDICAL” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ulug‘bek Farxodjonovich Shamshiyevning aytishicha:
- Mazkur “Yadro tibbiyot markazi” bugungi kunda onkologik kasalliklarning erta diagnostikasi ya’ni ularni birinchi va ikkinchi bosqichda aniqlash, bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, davolash va onkologik kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi Markaziy Osiyodagi eng kamyob tibbiy muassasalardan biri hisoblanadi.
- Jamiyatimizga faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida “O‘zmilybank” AJ tomonidan o‘z vaqtida amaliy yordam berildi. Jumladan, klinikamizning “Radioxirurgiya markazi qurilishi loyihasi” uchun bank tomonidan tegishli tartibda va yetarli miqdorda kredit mablag‘lari ajratildi. Ushbu muassasamiz ish boshlashi evaziga 450 nafar yangi ish o‘rnilari yaratilishi belgilangan.
Bugungi kunda Respublikada ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan tizimni izchil oshirib borish, aholining ijtimoiy himoyasi va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, ayniqsa xotin-qizlarning sog‘ligini asrashga alohida e’tiborni yanada qo‘llab-quvvatlayotganligi munosabati bilan bizning jamiyatimiz “O‘zmilliybank” AJga o‘z tashakkurini izhor etadi.
Sherobod tumanida “SHERABOD KO‘P TARMOQLI SAVDO KOMPLEKS” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 44,6 milliard so‘mlik zamonaviy savdo kompleksini tashkil etish loyihasi uchun 10 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratildi.
“SHERABOD KO‘P TARMOQLI SAVDO KOMPLEKS” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Aliqulov Toxir Allanazarovichning ma’lum qilishicha:
- “Bugungi kunda aholiga qulay shart sharoitlar yaratish borasida joylarda savdo va ko‘ngilochar markazlarni tashkil etish uchun joriy qilingan imtiyozlar xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlanishida ulkan imkoniyatlar yaratmoqda.
- Sherobod tumanimizda aholiga xar xil turdagi ko‘ngilochar va savdo markalarini barpo etish maqsadida, jami qiymati 44,6 mlrd. so‘m bo‘lgan loyihani amalga oshirish uchun “O‘zmilliybank” AJning 10 mlrd. so‘m kredit mablag‘idan foydalanmoqdamiz.
- Mazkur xizmat ko‘rsatish mazkazi o‘z ichiga savdo do‘konlari, bolalar o‘yingohi, binoning tom qismida kofeteriylar hamda avtoturargohlarni mujassam qilgan hamda mazkazning ishga tushirilishi evaziga 200 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlanadi.”
Buxoro shahrida aholi sog‘lom turmush tarzini yaxshilash maqsadida “CITY SPORT BUKHARA” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan jami loyiha qiymati 16,9 mlrd. so‘m bo‘lgan sport majmuasi tashkil etish uchun 10,0 mlrd. so‘m kredit mablag‘i ajratildi.
“CITY SPORT BUKHARA” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Qarayev Aziz Sirojevich shunday deydi:
- “Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan aholi turmush tarzini yaxshilash hamda joylarda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish maqsadid biz tadbirkorlarga katta imkoniyatlar yaratilib berilmoqda.
- Qadimiy Buxoro shahrimizda, “CITY SPORT BUKHARA” mas’uliyati cheklangan jamiyati negizida aholining sog‘lom turmush tarzini yaxshilash maqsadida, ushbu loyihaga qo‘l urdik va buni O‘zmilliybank bilan birga amalga oshirdik.
- Ushbu loyihaga 16,9 mlrd.so‘mlik mablag‘lar sarflanib, uning 10 mlrd.so‘mi bankning kredit mablag‘i hisobidan amalga oshirildi.
- Hozirda ushbu sog‘lomlashtirish markazimizda yopiq suzish havzasi, taekvondo, fitnes, trenajor, shaxmat va shashka klublari, fast-fud, turk hammomi hamda tuz g‘ori kabi faoliyat turlari mavjud bo‘lib, 31 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlangan.
- Malakali sport murabbiylari ko‘magi asosida o‘rtacha bir kunda 150 nafardan ortiq sportchilarimiz shug‘ullanishmoqda. Bundan tashqari 200 ga yaqin fuqarolar ham sport turlari bilan shug‘ullanish maqsadida tashrif buyurishadi. Hattoki ular orasida qariyalarning ham borligi bizni juda quvontirmoqda.”
Xizmat sohasida amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning 9 oyida respublikamizda jami 68,3 mingta yangi savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari ishga tushirildi, jumladan 6,9 mingtasi savdo va xizmat ko‘rsatish markaziy ko‘chalarida, 2,3 mingtasi maxallalararo savdo va servis ko‘chalarida xamda 749 tasi avtomobil yo‘llarida faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, xizmatlar sohasida yil boshidan 31 mingta yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etilib, 2022 yil 1 noyabr holatiga sohadagi korxona va tashkilotlar soni 383 mingtaga yetdi.
Xizmatlar sohasini rivojlantirish borasidagi ishlar kelgusida ham yana davom ettiriladi va bu sohadagi korxonalarni zamonaviy ko‘rinishga keltirish, ularni hududlarning ixtisoslashuvi (drayveri)dan kelib chiqib joylashtirish, xorijiy tajribalar asosida joriy etish kabi tizimli islohotlar jadal olib boriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter