Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda ishbilarmonlik faolligi pasaydi

O‘zbekistonda ishbilarmonlik faolligi pasaydi

Foto: CERR

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan baholangan Ishbilarmonlik faolligi indeksi (IFI) 2020-yil iyul oyida quyidagilarni tashkil etdi:

  • 2020-yil iyun oyiga nisbatan — 959 birlikni (pasayish — 4,1 foiz);
  • 2019-yilning iyun oyiga nisbatan — 894 birlikni (pasayish — 10,6 foiz).

O‘zbekistonda 10-iyuldan 1-avgustgacha karantin choralarining kuchaytirilishi, shuningdek ushbu choralarning 15-avgustgacha uzaytirilishi ishbilarmonlik faolligiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatdi.

Joriy yilning iyul oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi nafaqat o‘tgan oyga nisbatan, balki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ham pasayishi kuzatildi.

Komponentlar darajasida o‘zgarishlar bo‘lgan

2020-yilning iyul oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi o‘tgan oyga nisbatan 4,1 foizga pasayib, 959 birlikni tashkil etishi quyidagi komponentlar darajasidagi o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘lgan:

  • xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bank hisobvaraqalaridagi operatsiyalar soni 7,8 foizga kamaygan;
  • faoliyat ko‘rsatayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar bo‘yicha komponent 1,0 foizga oshgan;
  • tovar-xom ashyo birjasida xom ashyo sotib olish jadalligi 0,7 foizga oshgan;
  • tovar belgilari bo‘yicha komponent 62,4 foizga kamaygan.

Hududlar kesimida Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tgan oydagi kabi eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan.

2020-yil iyul oyida Ishbilarmonlik faolligi indeksi respublikaning 10 ta hududida o‘tgan oyga nisbatan o‘sish kuzatilgan. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (33,4 foiz), Surxondaryo (28,9 foiz), Samarqand (15,7 foiz), Buxoro (12,6 foiz) va Xorazm (10,9 foiz) viloyatlarida sezilarli darajada o‘sish kuzatilgan (2-rasm).

Shu bilan birga, Andijon (6,0 foiz), Sirdaryo (2,4 foiz), Namangan (1,7 foiz) viloyatlari hamda Toshkent shahrida (3,7 foiz) o‘tgan oyga nisbatan pasayish kuzatilgan.

BANK HISOBVARAQALARI BO‘YICHA OPERATSIYALAR

2020-yil iyul oyida banklararo to‘lov operatsiyalari soni 3 751,7 ming tani tashkil etdi va o‘tgan oyga nisbatan 319,0 ming tranzaksiyaga (7,8 foiz) kamaygan. Shuningdek, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 38,3 foizga sezilarli darajada kamaygan.

Barcha hududlarda banklararo to‘lov operatsiyalari soni kamaygan.

2020-yil iyulda respublikaning barcha hududlarida yuridik shaxslar o‘rtasidagi bank operatsiyalari soni o‘tgan oyga nisbatan pasaygan. Xususan, sezilarli darajadagi pasayish Buxoro (-14,7 foiz), Qashqadaryo (-14,7 foiz), Sirdaryo (-14,5 foiz) va Navoiy (-14,2 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.

TOVAR-XOM ASHYO BIRJASIDAGI FAOLLIK

2020-yilning iyul oyida IFIning birja komponenti 1,007 birlikni tashkil etdi va o‘tgan oyga nisbatan 0,7 foizga oshdi. Ushbu komponentning oshishi bitimlar sonining 25,5 foizga oshishi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, har bir bitim bo‘yicha sotib olingan tovarlar o‘rtacha jismoniy hajmi 24,1 foizga pasayib ketgan.

Iyul oyi natijalariga ko‘ra Respublika tovar-xom ashyo birjasida 33 278 ta bitim imzolangan bo‘lib, iyun oyiga (26 525) nisbatan 6 753 ta bitimga (25,5 foizga) ko‘paygan. Birjada tovarlar savdosi umumiy aylanmasi hajmi 2020 yil iyul oyida 3 418,3 mlrd. so‘mni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 25,6 foizga pasaygan.

XO‘JALIK YURITUVCHI SUBYEKTLARNING FAOLLIGI

Faoliyat yuritayotgan xo‘jalik subyektlari bo‘yicha komponent 2020-yil iyul oyida 1,0103 birlikni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 1,0 foizga oshgan.

2020-yil iyul oyida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar soni o‘tgan oyga nisbatan 6 993 taga ko‘payib, 479 447 tani (2020-yilning iyun oyida 472 454 ta) tashkil etdi.

Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilar soni 4 taga kamaygan.

Hisobot davrida kichik korxonalar soni 376 982 tagacha yetib, o‘tgan oyga nisbatan 6 624 taga oshgan. Fermer xo‘jaliklari soni 99 987 tadan 99 460 tagacha (373 taga) ko‘paygan. Yirik tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan subyektlar soni 3 005 tani tashkil etib, 2020-yil iyun oyiga nisbatan 4 taga kamaygan.

BRENDLARNI RO‘YXATGA OLISH

2020-yil iyul oyida savdo belgilari muhofazasi bo‘yicha biznes faolligi indeksi 0,3758 birlikni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan 62,4 foizga kamayib ketgan. Joriy yilning iyul oyida yuridik shaxslar tomonidan 62 ta tovar belgisi va tovar nomlari ro‘yxatga olingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring