Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston va Malayziya savdo aylanmasi sezilarli miqdorda oshdi

O‘zbekiston va Malayziya savdo aylanmasi sezilarli miqdorda oshdi

Joriy yilning 10 oyida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi savdo aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35,9 foizga o‘sdi va 81,3 million dollarga yetdi. Bu haqda Malayziya tashqi savdoni rivojlantirish korporatsiyasining (MATRADE) O‘zbekistondagi vakili Ulug‘bek Aslanov «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.

2022 yil yakunlari bo‘yicha ikki davlat savdo aylanmasi 71,8 million dollarni tashkil qilgan edi.

O‘tgan yili Malayziya O‘zbekistonga asosan palma yog‘i, kakao kukuni, quyultirilgan sut kabi oziq-ovqat va xomashyo mahsulotlarini ekport qilgan. Shuningdek, Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatidan elektrotexnika va elektronika mahsulotlari hamda tibbiy anjomlar keltirilgan.

O‘zbekiston esa Malayziyaga asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hamda kimyoviy o‘g‘it yetkazib bergan.

MATRADE vakiliga ko‘ra, so‘nggi yillarda Toshkent Kuala-Lumpurning Markaziy Osiyodagi ikkinchi savdo hamkori bo‘lib qolmoqda. Malayziyaning mintaqadagi umumiy savdosi 41,2 foizi O‘zbekiston ulushiga to‘g‘ri keladi.

Oxirgi yillarda ikki davlat o‘rtasida halol sanoat yo‘nalishida ham robitalar kengayib bormoqda.

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 dekabr kuni Dubayda BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi doirasida Malayziya podshohi Sulton Abdulloh Rioyatuddin Al-Mustafo Billoh Shoh bilan uchrashdi.

Muzokarada o‘zaro savdo hajmi oshayotgani, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yetakchilar kelgusi yilda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi hamda qo‘shma biznes forumini o‘tkazishga kelishib oldi.

Ushbu oliy darajadagi uchrashuv yakuniga baho bergan Malayziya tashqi ishlar vaziri Zambri Abdul Qodir 2024 yilda ikki davlat o‘rtasida uchinchi savdo qo‘mitasi yig‘ilishi ham tashkil etilishini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil iyul oyida Toshkentda O‘zbekiston va Malayziya tashqi siyosat idoralari o‘rtasida 2023–2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring