Moliya vazirligining ayrim funksiyalari boshqa idoraga o‘tkaziladi
«Soliq maslahati sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident qarori (PQ–4846-son, 30.09.2020 y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2021-yil 1-yanvardan Moliya vazirligining quyidagi funksiyalari O‘zbekiston Soliq maslahatchilari palatasiga o‘tkaziladi:
- soliq maslahatchisining malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini o‘tkazish va sertifikatni berish;
- soliq maslahatchilarini o‘qitish va ularning malakasini oshirish dasturlarini tasdiqlash;
- soliq maslahatchilarining reyestrini yuritish.
Soliq maslahatchisi advokatlik tuzilmalari, auditorlik tashkilotlarida ishlagan taqdirda, soliq maslahati bo‘yicha faoliyatda 3 yil mobaynida ishtirok etmaganligi uchun uning malaka sertifikati amal qilishini tugatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qarorga ko‘ra, Soliq to‘lovchilar ixtiyoriy tugatilganda soliqlar bo‘yicha xulosa berish huquqiga ega bo‘lgan soliq maslahatchilari tashkilotlari ro‘yxati (Ro‘yxat) yuritiladi.
«Tavakkalchilikni tahlil qilish» avtomatlashtirilgan axborot tizimi vositasida aniqlanadigan, yillik aylanmasi oxirgi uch yil mobaynida 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan soliq to‘lovchilar (tavakkalchilik darajasi yuqori bo‘lgan soliq to‘lovchilar bundan mustasno) ixtiyoriy tugatilganda ro‘yxatga kiritilgan soliq maslahatchilari tashkilotlarining soliqlar bo‘yicha xulosalari soliq organlari tomonidan tan olinadi.
2021-yil 1-yanvardan Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya institutida «soliqlar va soliqqa tortish» hamda «buxgalteriya hisobi va audit» yo‘nalishlari bo‘yicha 4-kurs bakalavriati o‘quv dasturlariga «soliq maslahati» fani kiritiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter