O‘zbekistonda soliq to‘lovlari ikki yilda 55 foizga oshgani aytildi
Moliya vazirligi e’lon qilgan 2022-yilning I yarim yilligi holatiga Davlat budjeti daromadlarining ijrosiga oid ma’lumotiga ko‘ra, budjet daromadlarida asosiy ulushni tashkil qiluvchi soliq tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,7 foizga, 2020-yilning xuddi shu davriga nisbatan esa 54,9 foizga oshgan.
«Davlat budjeti daromadlarining YaIMga nisbati joriy yilning I yarim yilligida 24,5 foizni tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1 foiz punktga oshdi. YaIMga nisbatan ulushning oshishi, asosan bilvosita soliqlardan daromadlar va soliq bo‘lmagan tushumlarning o‘sishi bilan izohlanadi», – deyiladi ma’lumotda.
Jumladan, soliq organlari ma’murchiligidagi tushumlar 2022-yilning I yarim yilligida 71 trln so‘mni tashkil etib, 2021-yilning I yarim yilligiga nisbatan 9,7 trln so‘m (15,7 foiz)ga oshgan.
Xususan, yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi bo‘yicha tushumlar 43,2 trln so‘mni tashkil etgan (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish – 2,5 trln so‘m yoki 6,2 foiz).
Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha soliq daromadlari tahlilining ko‘rsatishicha, eng katta ulush (64,8 foiz) iqtisodiyotning 5 ta tarmog‘iga, xususan, ishlab chiqaradigan sanoat (39,2 foiz), ulgurji va chakana savdo (8,1 foiz), qurilish (7,4 foiz), tashish va saqlash (5,1 foiz) hamda tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlashga (5,0 foiz) to‘g‘ri kelmoqda.
2022-yilning I yarim yilligida ular tomonidan to‘langan soliqlar miqdori 3,0 trln so‘mga yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,1 foizga oshdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter