Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi farmon: meva-sabzavotchilikni rivojlantirishda xorijiy ekspertlar uchun ish, viza, propiska va boshqa imtiyozlar

Yangi farmon: meva-sabzavotchilikni rivojlantirishda xorijiy ekspertlar uchun ish, viza, propiska va boshqa imtiyozlar

Foto: «Sputnik»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 29-mart kuni «O‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA saytida berilgan.

Unga ko‘ra, 2018-yilda har bir hududda 1-2 ta meva-sabzavot klasterlari tashkil etilib, 2019-yildan boshlab meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan barcha tumanlarni qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishini tashkil etishning klaster shakliga jalb qilinadi.

Meva-sabzavot klasterlariga ichki hamda tashqi bozordagi ehtiyoj va tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish, mahsulot yetishtirish hajmi, ularning navi va turini belgilash, shuningdek, fermer va dehqon xo‘jaliklari bilan ular tomonidan tayyorlanayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olish yuzasidan shartnomalar tuzish bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish huquqi taqdim etiladi.

Meva-sabzavot klasterlariga ko‘chatzorlar, jumladan logistika markazlari (muzlatgich, ombor, qayta ishlash quvvatlari, laboratoriya, mashina-texnik stansiyalari uchun infratuzilma binolari)ni tashkil qilish uchun yer maydonlari ajratish to‘g‘risidagi qarorlar tezkor qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga irrigatsiya va kollektor qurilmalarini tozalashda yordam ko‘rsatadi.

2021-yil 1-yanvarga qadar ko‘chatxonalar va issiqxonalarda urug‘, ko‘chat va payvandtag yetishtiruvchi va ularni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga yetkazib beruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlari barcha turdagi soliq va yig‘imlar to‘lashdan (yagona ijtimoy to‘lov bundan mustasno), chetdan olib kirilayotgan urug‘lar, ko‘chatlar va payvandtaglar, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni kimyoviy himoyalash vositalari, zamonaviy energiya tejovchi issiqxonalar va ularning butlovchi qismlari ilovaga muvofiq bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im bundan mustasno) hamda import bo‘yicha olib kirilayotgan, meva-sabzavot mahsulotlarini tashishga ixtisoslashgan transport vositalari (TIF TN kodlari – 870120, 870421, 870422, 871639) bojxona to‘lovlari va Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘imlar to‘lashdan ozod etiladi.

2018-yilning 1-yanvaridan meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchi tashkilotlarga daromadga vositachi tashkilotlar uchun ko‘zda tutilgan stavka bo‘yicha soliq solgan holda mukofot summasidan yagona soliq to‘lovini to‘lash huquqi berildi.

2018-yilning 1-aprelidan bitta meva-sabzavot klasteri ichida sotiladigan mahsulotga qo‘shimcha qiymat solig‘i solinmaydi va davlatning maqsadli fondlariga majburiy ajratmalar undirilmaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan 2017 yil 5 sentyabrgacha issiqxonalar qurish, intensiv bog‘lar yaratish va muzlatgichlar qurish uchun xalqaro moliya institutlari kredit liniyalari hisobidan ajratilgan valyuta kreditlari bo‘yicha belgilangan foiz stavkasining 50 foizgacha miqdorida kompensatsiya to‘lash tartibini tasdiqlaydi.

«O‘zbekenergo» AJ, «O‘ztransgaz» AJ, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari rahbarlari zimmasiga meva-sabzavot klasterlarining ishlab chiqarish va qayta ishlash quvvatlarini elektr energiya va tabiiy gaz bilan ularning tabiiy ehtiyojlariga muvofiq uzluksiz ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklatildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari N.S.Otajonov, Tashqi savdo vazirligi (J.Xodjayev) va «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ (X.Xasilov)ga bir oy muddatda quyidagilar bo‘yicha takliflar kiritadi:

— meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilarga eksport kontraktlari bajarilishini ta’minlovchi muddatlarda temir yo‘l vagonlari, shu jumladan, vagon-refrijeratorlar berish tartibini maqbullashtirish va soddalashtirish;

— shu jumladan, xorijiy investorlarni jalb qilgan holda zamonaviy refrijeratorli konteynerlar ishlab chiqarilishi, xalqaro registrlarda sertifikatsiyalash va ro‘yxatdan o‘tkazishni tashkil qilish, shuningdek, ularni meva-sabzavot klasterlari, tayyorlov tashkilotlari va boshqa manfaatdor foydalanuvchilarga, shu jumladan, lizing orqali sotish tartibini belgilash bo‘yicha.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda agrotexnologiyalar sohasida yuqori malakali, zamonaviy bilimlarni egallagan mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi viloyatlar hokimliklari, meva-sabzavot klasterlari va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining buyurtmalariga ko‘ra jalb etiladigan xorijiy mutaxassislar uchun 12 oygacha bo‘lgan muddatga kirish vizalari va ko‘p martalik vizalar rasmiylashtiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi viloyatlar hokimliklari, meva-sabzavot klasterlari va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining buyurtmalariga ko‘ra jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar uchun davlat bojini undirmagan holda ko‘p martalik vizalarni rasmiylashtirish, berish va uzaytirish, shuningdek, yashash joyi bo‘yicha vaqtincha propiska qilish, hisobga qo‘yish va vaqtincha propiskani uzaytirishni ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi meva-sabzavot klasterlari buyurtmalariga ko‘ra belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasiga qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun ruxsatnomalar berilishi, shuningdek, ushbu xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat berish (uzaytirish)ni ta’minlaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring