Mamlakatimizda ilk bor O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi tashkil etildi
Davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida muloqot muhitini shakllantirish, respublikamizda tadbirkorlikni rivojlantirish, chet davlatlardagi yirik korporatsiya va savdo tarmoqlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi tuzildi.
Mamlakatimiz iqtisodi va biznes olami uchun yangilik bo‘lgan mazkur assambleya o‘zida 12 ta mahalliy ilg‘or assotsiatsiya va milliy markazlarni birlashtiradi.
Uning o‘z oldiga qo‘ygan ustuvor vazifalari davlatimiz iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar, qonunchilik va davlat dasturlarida nodavlat biznes sektori vakillarining ishtirokini taminlash, ularning mahalliy va xalqaro huquq hamda manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlar faoliyatidagi masalalarini yuqori davlat tashkilotlariga yetkazishda ko‘maklashishdan iborat.
Assambleya qoshida xalqaro arbitraj sudi, mediamarkaz, tadbirkorlikka tayyorlash va malaka oshirish bo‘yicha biznes akademiya, xorijiy bozorlarga chiqishga mo‘ljallangan elektron platforma hamda IT bo‘limlari ishbilarmon doira vakillariga xizmat ko‘rsatadi.
Assambleya o‘z dasturiga ko‘ra, xorijiy iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, xalqaro ko‘rgazma va biznes forumlar tashkil etish bo‘yicha ham faoliyat olib boradi. Shu bilan birga, milliy brendlar yaratish, marketing, menejment va biznes doira vakillari uchun kasb bayramlarini tashkillashtirish ustida ishlaydi.
Iqtisodiy tashkilot mamlakatga investitsiyalar jalb qilish bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz uchun xorij bozorlarini o‘rganib tahlil qiladi. Va bir vaqtning o‘zida hamkor davlatlarda o‘zbek mahsulotlari uchun shourumlar tashkil etishni rejalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi 2021-yil 10-fevral kuni №710 reyestr tartib raqami bilan Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter