Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Biznesni rivojlantirish banki» mahallalarda kutubxonalar ochmoqda

«Biznesni rivojlantirish banki» mahallalarda kutubxonalar ochmoqda

Endilikda poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi «Muqimiy», Mirobod tumanidagi «Tolariq», Sergeli tumanidagi Asrobod mahallalarida «Biznesni rivojlantirish banki» ATB tomonidan tashkil etilgan mahalla kutubxonalari bor.

«Ilmdan boshqa najot yo‘q, bo‘lmagay ham» shiori ostida amalga oshirilayotgan mazkur xayrli tashabbus bank tomonidan Toshkent shahri mahallalarida olib borilayotgan o‘rganishlar va mahallabay ishlash chora-tadbirlarining mantiqiy davomidir.

Kutubxonalarning ochilish marosimida ishtirok etgan mahallalar faollari «Biznesni rivojlantirish banki»ning bu amaliy harakati mamlakatimizda kitobxonlikni ommalashtirish borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlarga hamohang ekanligini ta’kidlashdi. Alohida dizayn asosida jihozlangan kutubxonalarning har birida 500dan kitob, 5 donadan zamonaviy kompyuter jamlanmalari mavjud. Ulardagi elektron adabiyotlar bazasi 6629 tani tashkil etadi. Kutubxonalar uchun adabiyotlarni saralashda aholining turli yoshdagi vakillari qiziqishlari hisobga olingan. Xususan, o‘z biznesini tashkil etish istagida yurganlar uchun biznesni o‘rgatishga doir adabiyotlar ham taqdim qilindi.

Mahallalarda ochilgan kutubxonalar, ayniqsa, o‘quvchi yoshlarni quvontirdi. Ular endi uylaridan uzoq bo‘lmagan manzilda kitoblar va elektron adabiyotlardan bepul foydalanishlari mumkin. Quvonarlisi, «Biznesni rivojlantirish banki»ning tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi ham mahalla kutubxonalariga kitoblar taqdim etidi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring