O‘zbekistonda yangi agentlik tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida Prezident qarori (PQ–4417-son, 13.08.2019-y.) qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali ma’lum qildi.
Qaror bilan, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tuzilmasida iqtisodiyot va sanoat vazirining o‘rinbosari – Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori lavozimi joriy etildi.
Agentlik direktorining o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining ijrochi direktori hisoblanadi.
Shuningdek, hududlarda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘limlari tashkil etiladi.
Jamg‘arma hisobidan loyihalari bo‘yicha moliyaviy yordam ko‘rsatiladigan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami toifalari ro‘yxati tasdiqlanadi.
Kichik biznes va tadbirkorlik sub’yektlari, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyaviy yordam olish haqidagi arizalari elektron hujjat aylanish tizimi orqali ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, jamg‘arma tomonidan quyidagi imkoniyatlarga ega «Tadbirkor» axborot tizimi yaratiladi:
- banklar va Jamg‘arma o‘rtasida elektron hujjat aylanishi, shu jumladan, elektron raqamli imzo yordamida ma’lumot almashish;
- dasturiy ta’minotni Davlat soliq, statistika qo‘mitalari, Davlat xizmatlari agentligi va O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasining axborot tizimlari bilan integratsiyalash;
- bank kreditlari bo‘yicha elektron raqamli imzodan foydalangan holda ishonchnoma va kafolatlar, shuningdek foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya berish to‘g‘risida elektron shartnomalar tuzish;
- banklar va ularning mijozlariga Jamg‘armaning rasmiy veb-sayti orqali real vaqt rejimida kredit buyurtmalarini ko‘rib chiqish va ularning ijrosini nazorat qilish.
Hujjat haqidagi to‘liq ma’lumot bilan www.lex.uz sayti orqali tanishish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter