Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kelgusi yil 10 million sayyoh qabul qilinishi rejalashtirilmoqda – Aziz Abduhakimov

Kelgusi yil 10 million sayyoh qabul qilinishi rejalashtirilmoqda – Aziz Abduhakimov

Samarqandda bugun Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasi ochiq sessiyasi boshlandi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov tadbirni ochib berdi va o‘z nutqida turizmning jahon iqtisodiyotida tutgan o‘rniga yuqori baho berdi.

– Turizm jahon iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan sohasidir. SOVID-19 ning jiddiy ta’siriga qaramay, global turizm barqarorligini isbotladi va tezda tiklandi. Bu juda muhim, chunki ko‘plab mamlakatlar o‘z iqtisodiyotini ko‘tarish va muhim ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun turizmga tayanmoqda.

2022 yilda dunyo bo‘ylab deyarli 1 milliard odam sayohat qilgan, bu pandemiyadan oldingi ko‘rsatkichlarning 66 foizini tashkil qiladi. Joriy yilda O‘zbekiston 7 million xalqaro sayyoh qabul qilishi kutilmoqda, bu 2016 yildagidan besh barobar ko‘pdir. Kelgusi yilda biz 10 million sayyoh qabul qilishni maqsad qilganmiz.

O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish prezident Mirziyoyev tomonidan shu hafta e’lon qilingan tashabbuslar asosida shakllanadi. Turizm strategiyasida parvoz, avtomobil va temir yo‘l tarmoqlarini kengaytirish hamda har bir aeroportda «Ochiq osmon» rejimini joriy etish maqsad qilingan. Ushbu tashabbus O‘zbekistonga sayyohlarni ko‘proq jalb qilish va ularni mamlakat bo‘ylab tashishda muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi Aziz Abduhakimov.

Vazir shuningdek o‘z nutqida mintaqaviy turizm faoliyatini shakllantirish va muvofiqlashtirish uchun «Ipak yo‘lida turizm» tematik ofisini ochish rejasini ma’lum qildi. Bu Ipak yo‘lining global brend sifatidagi salohiyatini oshirishga yordam beradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring