Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish ishlari masofadan davom ettiriladi
Joriy yil 16 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov videokonferensiya formatida Jahon savdo tashkiloti Bosh direktori o‘rinbosari A.Vulf bilan muzokara o‘tkazdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonni Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayonining joriy holati va istiqbollari, shu jumladan Ishchi guruhning 4-chi yig‘ilishini o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgartirishlarning sezilarli natijalari Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lgan asosiy davlatlarning O‘zbekistonga nisbatan ijobiy munosabatlariga xizmat qilishi ta’kidlab o‘tildi. Bundan tashqari, xalqaro ekspertlar respublikaning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarni tayyorlash sur’ati va sifatlariga yuqori baho bermoqdalar.
Yuzaga kelgan epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda, joriy yil mart oyining o‘rtasidan Jahon savdo tashkiloti doirasidagi barcha rasmiy tadbirlar to‘xtatilganligi borasida O‘zbekiston tomoni xabardor qilindi.
Shu munosabati bilan, joriy yil 17 apreldan Jahon savdo tashkiloti asosiy organlari faoliyatini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, masofadan amalga oshirish orqali tiklash borasida tashkilotga a’zo bo‘lgan davlatlarning norasmiy maslahatlashuvlari boshlanmoqda.
A’zo bo‘lgan davlatlar tomonidan tashkilot faoliyatini masofadan amalga oshirish borasida ijobiy qaror qabul qilingan holda, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishga nomzod mamlakatlar, shu jumladan O‘zbekiston bo‘yicha ishchi guruhlarining navbatdagi yig‘ilishlarini tezkor o‘tkazilishi birinchi navbatdagi masala bo‘ladi.
A.Vulf respublikamizni Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayonida tashkilot Kotibiyati tomonidan O‘zbekistonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligi borasida ishontirdi. Buning uchun Uzbekiston tarafini mazkur yo‘nalishda birgalikda amalga oshirilayotgan ishlarni faollashtirishga chaqirdi.
Muzokaralar yakunida, tashkilotga a’zo bo‘lish jarayonida ishlab chiqilayotgan tashabbuslarni tezkorlik va sifatli ilgari surish uchun Jahon savdo tashkiloti shtab-kvartirasi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ishlarni masofadan davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter