Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Innovatsion loyihalarni moliyalashtirish tizimi takomillashtiriladi

Innovatsion loyihalarni moliyalashtirish tizimi takomillashtiriladi

Foto: «biznesvinternet»

QHTBT portalida Prezidentning «Tadbirkorlik va innovatsiyalar sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Hujjat Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.

«Norma.uz»ning xabar berishicha, loyiha tadbirkorlik va innovatsiyalar sohasidagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan. Investorlarning investitsiyaviy hissalarini tezkor va samarali jalb etish uchun boshqaruv va investitsiya kompaniyalarini tashkil etish amaliyotini kengaytirish taklif etilmoqda.

Kim nima bilan shug‘ullanadi?

Boshqaruv kompaniyalari investitsiya kompaniyalari o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq ularning investitsiya kapitalini boshqarish uchun tashkil etiladi.

Investitsiya kompaniyalari boshqaruv kompaniyasi malakali investorlardan jalb etgan pul mablag‘larini keyinchalik innovatsion, venchur va istiqbolli loyihalarga qo‘yish uchun ularni shakllantirish va jamlash bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshiradilar. 

Investitsiya kompaniyalariga pul mablag‘lari ko‘rinishida investitsiya hissalarini qo‘shadigan, shu jumladan chet ellik yuridik va jismoniy shaxslar malakali investorlar deb tan olinadi. Belgilanishicha, har qanday tashkiliy-huquqiy shakldagi yuridik shaxslar boshqaruv va investitsiya kompaniyasi bo‘lishi mumkin, aksiyadorlik jamiyatlari bundan mustasno.

Quyidagilar boshqaruv kompaniyasining muassislari bo‘la olmaydilar:

  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari;
  • mahalliy davlat hokimiyati organlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi bo‘lgan yuridik shaxslar;
  • ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulush davlat ulushiga ega yuridik shaxsga tegishli bo‘lgan yuridik shaxslar, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
  • siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari, jamoat fondlari va diniy tashkilotlar.

Investitsion hissalar

Malakali investor investitsiya kompaniyasiga investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun bergan pul mablag‘lari investitsiyaviy hissa bo‘lib, investitsiya kompaniyasining ustav kapitaliga hissa deb hisoblanmaydi. Bitta malakali investorning eng kam investitsiyaviy hissasi miqdori kamida 500 mln so‘mni tashkil etishi kerak, u milliy valyutada va/yoki hissa kiritilgan sanadagi Markaziy bank kursi bo‘yicha ekvivalentda xorijiy valyutada kiritilishi mumkin. 

Investitsiya kompaniyalari va malakali investorlarga imtiyozlar va kafolatlar

Joriy xarajatlar qoplangandan keyin investitsiya kompaniyasi daromadlarining kamida 90%i malakali investorlar o‘rtasida taqsimlanadigan bo‘lsa, investitsiya kompaniyalarini yuridik shaxslardan olinadigan foyda va dividend soliqlaridan ozod qilish rejalashtirilmoqda.

Malakali investorlarning investitsiya kompaniyasiga hissalarini, shuningdek malakali investorlar investitsiya hissasini qo‘yish natijasida investitsiya kompaniyalaridan olgan daromadlarni barcha turdagi soliqlardan ozod qilish taklif etilmoqda.
Malakali investorlar-norezidentlarning investitsiya kompaniyasiga investitsiya qilish natijasida olgan xorijiy valyutadagi daromadini (foydasini) repatriatsiya qilish huquqi kafolatlanadi. 

Qonun ijodkorligi

Qaror doirasida 2019 yil oxirigacha «O‘zbekiston Respublikasida sheriklik to‘g‘risida»gi Qonunni ishlab chiqish va tasdiqlash rejalashtirilmoqda. U boshqaruv va investitsiya kompaniyalari, shuningdek malakali investorning investitsiya faoliyatini tartibga solishi lozim.
Shuningdek yangi tahrirdagi «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida»gi Qonunni qabul qilish rejalashtirilmoqda. Hujjat xalqaro standartlarga muvofiq intellektual mulk g‘oyalarini tan olish bo‘yicha to‘laqonli shart-sharoitlar yaratish va ularga bo‘lgan huquqlarni mustahkamlash maqsadida Intellektual mulk agentligi faoliyatining tanqidiy baholanishini inobatga olgan holda ishlab chiqiladi.   

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring