Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zsanoatqurilishbank pandemiya vaqtida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mezonlarini ishlab chiqdi

O‘zsanoatqurilishbank pandemiya vaqtida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mezonlarini ishlab chiqdi

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Co‘nggi ikki oyda pandemiyaning aholi turmush tarzi va iqtisodiyot tarmoqlariga ta’sirini kamaytirish bo‘yicha Prezidentning 12 ta farmon va qarori qabul qilindi. Buning natijasida 500 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’yekti va 8 milliondan ortiq fuqaroga qariyb 30 trillion so‘mlik imtiyoz va preferensiyalar berildi.

Pandemiya davrida O‘zsanoatqurilishbankda ham tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mezonlari ishlab chiqilib, amalga tatbiq etilmoqda. Bank tomonidan mijozlarning ahvoli tahlil qilinib, yuqori salohiyatli, o‘rta salohiyatli va qiyinchilikka uchraganlar toifasiga ajratildi. Bunda qiyinchilikka uchragan tadbirkorlarning har biri bilan ishlab, ularning muammolarini zudlik bilan bartaraf etishga ustuvorlik kasb etmoqda.

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bilangina cheklanib qolmasdan ularning moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Shu maqsadda viloyatlarda hududiy seminarlar tashkil etilmoqda.

Shu kunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi tadbirkorlar ishtirokida ana shunday seminarlar o‘tkazildi.

Seminarlarda bugungi kun sharoitida tadbirkorlik faoliyatini samarali yuritishning tashkiliy, huquqiy va moliyaviy masalalari haqida zarur tushunchalar berilmoqda. Ayni paytda pandemiya davrida tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalardan foydalanish bo‘yicha tushuntirishlar berilayotgani tadbirkorlar tomonidan xayrixohlik bilan kutib olinmoqda.

O‘quvlar davomida O‘zsanoatqurilishbank qoshidagi «SQB Consult» konsalting tashkiloti mutaxassislari tadbirkorlik sub’yektini tashkil etishdan tortib, muvaffaqiyatli kompaniyaga aylantirishga qadar bosqichlar to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkazilmoqda.

– Tashkilotimizning asosiy maqsadi tadbirkorlik sub’yektlarini o‘z loyihalarini amalga oshirishlarida bank va mijoz o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tagan holda ularni ortiqcha ovoragarchiliklarsiz qisqa muddatda kredit olishlariga ko‘maklashishdan iborat, — deydi «SQB Consult» konsalting tashkiloti direktori F.Rashidov. – Xizmatlarni “yagona oyna” tamoyilida xizmat ko‘rsatilishi esa tadbirkorlarimizni ham vaqtini, ham xarajatini qisqartirish imkonini beradi.

Karantin talablarini rioya qilgan holda tashkil etilayotgan seminarlar bir vaqtning o‘zida onlayn shaklda ham o‘tkazilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi professor-o‘qituvchilari hamda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi vakillari tomonidan onlayn ma’ruzalar o‘qilmoqda.

Seminar mashg‘ulotlari respublikamizning boshqa hududlarida davom ettirilmoqda.

Bank Axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring