Go‘sht, yog‘ va kartoshka bo‘yicha QQS imtiyozi uzaytirilishi mumkin
Joriy yilda parlament tomonidan 2021-yil 1-maydan 31-dekabrgacha kungaboqar va soya urug‘lari hamda o‘simlik yog‘i importi, shuningdek o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va ichki bozorda realizatsiya qilish QQSdan ozod etilgandi.
Bundan tashqari, ikki oy avval soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan 2021-yil 10-oktyabrdan joriy yil oxirigacha go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarni, kartoshka hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek ularni O‘zbekiston hududiga olib kirish ham QQSdan ozod qilingandi.
Deputat Doniyor G‘aniyev Budjet loyihasi muhokamasi doirasida Hukumat vakillari, jumladan Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovdan oziq-ovqat mahsulotlari uchun joriy yil oxirigacha berilgan QQS imtiyozlari muddatini uzaytirish masalasini ko‘rib chiqishni so‘raganini ma’lum qildi.
Bugun Parlamentga Hukumat tomonidan kiritilgan qonun loyihasida aynan shu taklif inobatga olinib, joriy yil oxirigicha berilgan imtiyozlar muddati yana 4 oy muddatga cho‘zilishi nazarda tutilmoqda.
Demak, ushbu qonun loyihasiga asosan 2022-yil 30-aprelga qadar quyidagilar QQSdan ozod qilinadi:
- O‘zbekiston Respublikasi hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek soya danagini olib kirish;
- o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma;
- go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek ularni mamlakat hududiga olib kirish.
Mazkur qonun loyihasi kelgusi parlament yalpi yig‘ilishida deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilib, ma’qullansa Senatga yuboriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter