«Gazprom» bilan kelishuv tafsilotlari ochiqlandi
Joriy yilning 16 iyun kuni Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma hamda respublikamiz gaz-transport tizimini ushbu gazni qabul qilishga tayyorlash bo‘yicha «yo‘l xaritasi» imzolangan edi.
Energetika vazirligi ayrim tafsilotlarni ochiqladi.
Qayd etilishicha, gaz oldi-sotdisi bo‘yicha shartnoma «UzGastrade» AJ va «Gazprom eksport» MChJ o‘rtasida 2 yil muddatga tuzilgan bo‘lib, uni ishonchnoma asosida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri J.Mirzamahmudov va «Gazprom» OAJ boshqaruvi raisi A.Miller imzolaganlar.
Ta’kidlanishicha, shartnoma to‘liq tijoriy shartlarda ishlab chiqilib, respublikamiz iste’molchilarining tabiiy gazga bo‘lgan yildan-yilga oshib borayotgan ehtiyojini qisman qondirish hamda kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazishga qaratilgan chora-tadbirlardan biridir.
Shartnoma doirasida joriy yilning 1 oktyabridan kuniga 9 million kubometr tabiiy gazni import qilish boshlanishi mo‘ljallanmoqda. Yillik hajm esa qariyb 2 milliard 800 million kubometrni tashkil etadi.
Tabiiy gaz narxi mintaqadagi bozor narxlari asosida, shuningdek, respublikamizdagi amaldagi narxlar hamda ularni bozor tamoyillari asosida shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan islohotlardan kelib chiqib, kelishilgan.
«Yo‘l xaritasi»ga muvofiq, avval tabiiy gaz «O‘rta Osiyo – Markaz» magistral gaz quvuri orqali Qozog‘istondan tranzit bilan Rossiyaga yuborilganligi va endilikda gazning revers rejimida (teskari oqimda) O‘zbekistonga yetkazilishini, shuningdek, respublikamiz hududida yangi gaz o‘lchash stansiyasi qurilishini hisobga olgan holda, belgilangan tadbirlarni joriy yilning sentyabr oyiga qadar yakunlash rejalashtirilgan.
Jumladan, «yo‘l xaritasi» doirasida respublikamiz gaz-transport tizimidagi 3 ta gaz haydash uskunasi yangilariga almashtiriladi va 11 ta turli rusumdagi gaz haydash uskunasida mukammal ta’mirlash hamda tiklash ishlari bajariladi. 22 kilometrlik yangi magistral gaz quvurlari quriladi va 56 kilometrlik gaz quvurlari ta’mirlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya nashri «Gazprom» O‘zbekistonga yiliga 6 mlrd kubometr gaz yetkazib berishini ma’lum qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter