Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yer va suv solig‘i miqdori oshiriladi

Yer va suv solig‘i miqdori oshiriladi

O‘zbekistonda yer va suvdan foydalanganlik uchun soliq miqdorlari oshirilishi ko‘zda tutilyapti. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi ma’lum qildi.

Aytilishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilingan.

Loyihada ko‘chmas mulk joylashgan joyidan kelib chiqib bir kvadrat metr uchun minimal qiymat joriy etish bilan birga yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i stavkalarini pasaytirish, polietilen granulalariga aksiz solig‘i stavkasini 20 dan 10 foizgacha pasaytirgan holda, ushbu stavkani uning importiga ham joriy etish belgilangan.

Yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun esa soliq va aksiz solig‘i stavkalari o‘rtacha 10 foizga indeksatsiya qilish (oshirish) nazarda tutilgan. Bunda qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun foydalanilgan suv hajmi qismi va baliqlarni o‘stirish (yetishtirish), shu jumladan, dehqon xo‘jaliklari uchun belgilangan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 2021 yil darajasida (1 kub metr uchun 40 so‘m) saqlab qolinadi.

Shu bilan birga, loyihada soliq solish bilan bog‘liq bo‘lgan ob’yektlar hisobini tashkil etish, xususan, soliq imtiyozlari hisobi bo‘yicha yagona avtomatlashtirilgan tizimni yaratish, soliq to‘lovchining hisob ma’lumotlaridagi o‘zgarishlarni shaxsiy kabinet orqali tasdiqlash masalasi ham aks etgan.

Shuningdek, kodeksning 337 va 452-moddalariga 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab sement (klinker) ishlab chiqarishni amalga oshiruvchi korxonalarga belgilangan 20 foizlik foyda solig‘i stavkasini 15 foizga pasaytirish, 2022 yil 1 yanvardan boshlab esa sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 1 tonna ohaktosh uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasini ikki baravarga kamaytirish taklif qilinmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring