Deputatlar O‘zsanoatqurilishbank tizimida transformatsiya jarayonlari va davlat dasturlari ijrosi bilan tanishdi
Joriy yilning 22 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan O‘zsanoatqurilishbank tizimida transformatsiya jarayonlari hamda davlat dasturlari ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi. Unda parlament quyi palatasi deputatlari, bank rahbariyati, mutaxassislar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda keyingi yillarda moliyaviy sektorni izchil isloh qilish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilib, ilg‘or bank biznesini yuritish, sohada raqobat muhitini kuchaytirish uchun zarur huquqiy shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Xususan, Prezidentimizning «2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni bilan bank tizimini isloh qilishning keng miqyosli yo‘nalishlari belgilab berildi.
Seminarda O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) ekspertlari ko‘magida olib borilayotgan keng ko‘lamli transformatsiya jarayonida ushbu farmon talablariga katta e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlab o‘tildi.
Xususan, transformatsiya jarayonlarining dastlabki bosqichda bank faoliyati to‘liq diagnostikadan o‘tkazildi, boshqaruv tizimi va tashkiliy tuzilma xalqaro talablarga muvofiqlashtirildi.
Bank tarmoqlarida mijozlarga individual xizmat ko‘rsatuvchi menejerlar doirasi shakllantirilib, mijozbay xizmat ko‘rsatish tizimi joriy etildi.
Kredit risklarini xolis va samarali boshqarish maqsadida alohida kredit blok va anderrayting tizimi ishga tushirildi. Zamonaviy risk menejment va komplayens-nazorat tizimi joriy qilindi.
Tarmoqlarning tashkiliy tuzilmasi takomillashtirilib, ular faoliyati mahsulot sotishga yo‘naltirildi. Mijozlarga istalgan tarmoqdan xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish maqsadida barcha filiallararo operatsiyalar yagona bank kodiga o‘tkazildi. Xodimlar uchun mehnatga haq to‘lashning zamonaviy rag‘batlantiruvchi usuli yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatishda hujjatlar rasmiylashtiruvi soddalashtirildi. Jismoniy shaxslarga kredit ajratish muddati 10 kundan 3 kungacha, talab etiladigan hujjatlar soni 10 tadan 2 taga qisqartirildi. Yuridik shaxslar borasida esa, kredit ajratish muddati 30 kundan 10 kunga, talab etiladigan hujjatlar soni 32 tadan 10 taga kamaytirildi. Natijada, bank tizimida kredit ajratish tezkorligi yuridik shaxslar uchun 2,6 barobarga, jismoniy shaxslar uchun 1,6 barobarga oshirilib, chakana mijozlar soni 1,7 barobarga o‘sdi. Bank mahsulotlari soni 1,5 barobarga ko‘paydi.
Natijada, bank tizimida kredit ajratish tezkorligi yuridik shaxslar uchun 2,6 barobarga, jismoniy shaxslar uchun 1,6 barobarga oshirilib, chakana mijozlar soni 1,7 barobarga o‘sdi. Bank mahsulotlari soni 1,5 barobarga ko‘paydi.
Deputatlar bank xizmatlarini raqamlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar borasida ma’lumotlar bilan qiziqdi. Mutaxassislar tomonidan bank xizmatlari bilan bir qatorda onlayn bozorni o‘zida birlashtirgan unikal platforma – JOYDA ilovasiga to‘xtalib, bugungi kunda mijozlar ushbu ilova orqali barcha turdagi an’anaviy bank xizmatlaridan onlayn tarzda samarali foydalanib kelayotgani ta’kidlandi.
Bu borada yana bir yirik loyiha – «SQB Business» internet bank xizmatining ishga tushirilishi natijasida tadbirkor va yuridik shaxs maqomidagi mijozlar bankdagi o‘z hisob raqamlarini 24/7 rejimida boshqarish asosida qator imkoniyatlarga ega bo‘layotgani aytib o‘tildi.
Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan davlat dasturlari borasida bank zimmasiga yuklangan vazifalar va ularning ijrosi taqdimot qilindi.
Jumladan, respublikada qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatini yanada rivojlantirish, ichki bozorni mahalliy qurilish materiallari bilan to‘ldirish, sohaning eksport salohiyatini oshirish va loyihalarni moliyalashtirishda Bank mas’ulligida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.
Seminar qizg‘in fikr almashuvlar shaklida o‘tib, ishtirokchilar bugungi kunda respublika bank tizimida moliyaviy barqarorlikni ta’minlash yuzasidan O‘zsanoatqurilishbankning roli muhim ekanligi, ular tomonidan joriy etilayotgan xorijiy tajriba va tizimni raqamlashtirishning dolzarbligi ta’kidlanib, kelgusida korporativ boshqaruv va mijozlar bilan ishlash tizimi yanada takomillashtirilishi lozim ekanligi qayd etildi hamda tegishli takliflar ishlab chiqildi.
Bank Axborot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter