Bryussel Markaziy Osiyoga ajratayotgan 28 million yevro nima maqsadda sarflanadi?
Yevropa ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlariga uch dastur doirasida 28-million yevro mablag‘ ajratadi. Ushbu dasturlar Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida YI va Markaziy Osiyo hamkorligiga bag‘ishlangan mintaqaviy anjumanda rasman taqdim etildi.
YIning Qozog‘istondagi vakolatxonasi rahbari, elchi Sven-Olov Karlssonga ko‘ra, mablag‘ quyidagi tarzda taqsimlanadi: 5 million yevro sarmoyalar va taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarga yo‘naltiriladi; 15 million yevro mintaqada savdo munosabatlarini jonlantirish maqsadida sarflanadi; 8 million yevro esa Markaziy Osiyoda qonun ustuvorligi yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Loyihalar kelgusi yil boshidan amalga tatbiq etiladi.
«YI va Markaziy Osiyo bo‘yicha qo‘shma kommunyuke qabul qilinganidan besh oy o‘tgach, biz keyingi bosqichga o‘tib, mintaqaviy hamkorlik yo‘lida sarmoya kiritmoqdamiz. Ishonchimiz komilki, mintaqaviy hamkorlikning rivojlanishi Markaziy Osiyo mamlakatlariga o‘zaro robitalarni yanada mustahkamlash, zaifliklar va umumiy muammolarni hal qilish, iqtisodiy o‘sish salohiyatini oshirish, xalqaro munosabatlardagi ta’sirni kuchaytirish, shu bilan birga, mustaqillik va o‘ziga xoslikni saqlab qolish imkonini beradi», – deydi elchi Sven-Olov Karlsson.
«Markaziy Osiyoda farovonlik uchun kengaytirilgan integratsiya» mintaqaviy anjumanida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston hukumati, shuningdek, diplomatik va donorlik hamjamiyatlari vakillari ishtirok etdi.
Mashvaratda YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasi istiqbollari muhokama etildi.
Xabaringiz bor, joriy yil 17-iyun kuni Bryussel Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyani tasdiqladi. Yangi strategiya Markaziy Osiyoda barqarorlik, farovonlik hamda qonun ustuvorligini qo‘llab-quvvatlash, xususiy sektorni rivojlantirish, sarmoyalarni jalb etish hamda mintaqaviy robitalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan.
«Yevropa ittifoqi va Markaziy Osiyo: mustahkam hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar» deb nomlangan hujjat Byursselning mintaqa davlatlari bilan munosabatlari tarixida yangi sahifa ochishi kutilmoqda. Bryussel rasmiylariga ko‘ra, yangi geosiyosiy voqelik hamda robitalarni mustahkamlash talabi ushbu hujjatni ishlab chiqishga undadi.
«Biz – yevropaliklar, bu yerda (Markaziy Osiyoda) aslo geosiyosiy manfaatlar yoki o‘yinlarni ko‘zlayotganimiz yo‘q... Bu yerda ekanimizning boisi shuki, biz ushbu mintaqaning salohiyatiga, eng asosiysi ushbu mintaqa xalqlarining salohiyatiga ishonamiz. Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyamizning o‘zak-mohiyatini ham shu tashkil etadi», – deydi Unda YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yilda O‘zbekiston rahbariyati YeIga sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni yangilash taklifi bilan murojaat qildi. 2018-yil 23-noyabrda kengaytirilgan sherikchilik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim yuzasidan rasmiy muzokaralar boshlandi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, ikki o‘rtadagi kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim 2020 yilda prezident Shavkat Mirziyoyevning Bryusselga tashrifi doirasida imzolanishini kutilmoqda.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter