Qirolicha Yelizaveta II davrida necha nafar davlat va hukumat rahbari almashdi (infografika)
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya qirolichasi Yelizaveta II taxtga o‘tirganiga bir kam 70 yil to‘ldi. «Reddit» saytida e’lon qilingan infografikada Yelizaveta II taxtda payti Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, sobiq Ittifoq/Rossiya hamda AQShda necha nafar hukumat va davlat rahbarlari almashgani ko‘rsatilgan.
Yelizaveta II 1952-yilning 6-fevralida Qo‘shma Qirollik tojini kiygan.
Yoshgina Yelizaveta (25 yoshda) qirolicha bo‘lganida dunyo Cherchill, Stalin, Trumen kabi siyosatchilar qo‘lida edi. Oradan 69 yil o‘tdi — 21-aprel kuni 95-yoshini qarshilaydigan qirolicha hamon taxtda.
Yelizaveta II davrida:
- Buyuk Britaniyada 15 nafar bosh vazir almashdi: eng uzoq vaqt «temir xonim» Margaret Tetcher (11 yil) hukumatni boshqardi, Toni Bler hisobida esa 10 yil bor.
- Germaniyada 8 nafar kansler o‘zgardi: hukumat tepasida eng ko‘p turganlar — Gelmut Kol (16 yil) va hozirgi kansler Angela Merkel (16 yil).
- Fransiya tepasiga 10 nafar prezident keldi: eng ko‘pi Fransua Mitteran (14 yil) va Jak Shirak (12 yil).
- Hatto «ko‘p o‘tirish»da dong‘i chiqqan Sobiq Ittifoq/Rossiya yetakchilarining ko‘rsatkichlari ham Yelizaveta II ga solishtirilganda, arzimas raqamlarga aylanib qoladi: KPSS MQ bosh kotibi Leonid Brejnev — 16 yil, Rossiya yetakchiligi amalda (1999-yil 31-dekabrida prezidentlikni qabul qilgan, o‘rtada 2008 — 2012 yillarda hukumatni boshqargan va yana prezidentlikka qaytgan) 20 yildan beri Vladimir Putin qo‘lida. Jami 11 marta davlat rahbari almashgan.
- 20-yanvar kuni inauguratsiyasi o‘tkazilgan Jozef Bayden esa Yelizaveta II davrida AQSh tepasiga kelgan prezidentlarning o‘n to‘rtinchisi. Bular orasida yaqqol yetakchi yo‘q — eng ko‘p o‘tirganlari 8 yil (Duayt Eyzenxauer, Ronald Reygan, Bill Klinton, Jorj Bush (Kichik), Barak Obama).
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter