Yodgorov «Bo‘stonliq masalasi»da berilgan savolga yana izoh berdi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida (AOKA) sudlarning joriy yil birinchi yarmidagi faoliyati hamda sud-huquq sohasidagi muhim va dolzarb masalalar bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tganidan xabaringiz bor.
Bahs-u munozaraga boy o‘tgani sabab belgilangan vaqtga «sig‘magan» tadbirda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi «buz-buz»larga doir masala ham ko‘tarildi. Bo‘stonliqdagi ayrim imoratlar buzilishiga oydinlik kiritish maqsadida tashkil etilgan press-turda ishtirok etib, muhokamalar markazida qolgan Oliy sud raisining o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov «qoniga tashna» qilvorayozgan ayni masalaga quyidagi mazmunda izoh berdi:
«...Avvalo, aytishim kerak: Bo‘stonliqda hech kimning uy-joyi buzilayotgani yo‘q. Ayni paytda Bo‘stonliqda dam oluvchilar uchun dala hovlilar, mehmon uylari yetishmaydi, buzish emas, aksincha qonuniy tartibda qurish masalasi ko‘tarilmoqda.
Noqonuniy qurilma va dala hovli (dacha)lar bo‘yicha prokuratura va mahalliy hokimiyat tomonidan kiritilgan 26 ta da’vo-arizalari Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqildi. Shundan, Bolalar Sil kasalliklari sihatgohi yonida qurilgan 12 ta imorat, dachalar yuzasidan yer ajratish bilan bog‘liq hujjatlar soxtalashtirilgani, buning uchun qator shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harkatlari olib borilayotgani fakt! Muhokamaga sabab bo‘layotgan dala-hovlilar bolalar sihatgohi hududida, ham tog‘dan keladigan sel yo‘liga qurilgani ham fakt. Dala hovlilar 2019-yilda qurilgan, bunga e’tirozi borlar «google» tizimi orqali bilib olishlari mumkin.
Press-turda mening ishtirokim va OAV xodimlari bilan muloqotga kirishganim mavjud holatlar bo‘yicha berilgan axborot, xolos (press-turda jurnalist va blogerlarning talab va istaklariga ko‘ra qatnashganini X. Yodgorov alohida ta’kiladi — tahr.) Sud qarorlarini tushuntirish sudning bevosita vakolatiga kirishi, Bo‘stonliqdagi buzishga oid ishlar Oliy sud sudyalari tomonidan birinchi bosqich tartibida ko‘rib chiqilgach, ayol kishi ijtimoiy tarmoqlarda «uyimni buzishyapti, chaqolog‘im bilan qayerda yashayman», deb bong urganidan keyin o‘tkazilgan press-turda bu boradagi savollarga Oliy sud vakili sifatida tushuntirish berishim esa tabiiy holat.
Illo, bundan sud qarorlari qonuniy, shikoyatga o‘rin yo‘q, degan noto‘g‘ri ma’noni izlamaslik kerak. Sud qaroridan norozi bo‘lganlar Oliy sudning apellyasiya yoki kassatsiya, undan keyin nazorat instansiyalariga murojaat qilish huquqlari mavjud. Har ikki bosqichda nizo bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari uch nafar sudyadan iborat tarkibda ochiq sud majlisida ko‘riladi va bunga Oliy sud raisi o‘rinbosari sifatida aralashishga vakolatim yo‘q, qonun bunga yo‘l qo‘ymaydi.
Yana bir gap. Sudga kiritilgan barcha da’volar sidirg‘asiga qanoatlantirilgani yo‘q. 26 ta ish ko‘rilgan bo‘lsa, shundan 3 ta da’vo rad qilindi, 8 tasi ko‘rmasdan qoldirildi. Da’vo qanoatlantirilgan 2 ta holatda esa qurilma egalari insofli egallovchi bo‘lgani bois sud tomonidan ularga yer maydoni ajratib berish haqida mahalliy hokimlikka majburiyat yuklatildi. Sud qarorlariga nisbatan shikoyat hozirgacha kelib tushgani yo‘q.
Ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘stonliqdagi "buz-buz"larga oid muhokamalar menga chol va nabira haqidagi rivoyatni eslatdi, rosti. Eshitgansizlar-a buni? Chol nabirasi bilan eshakka minib bir qishloqdan o‘tsa, odamlar eshakka jabr bo‘libdi, deyishibdi. Chol nabirasini o‘tqazib, o‘zi eshakdan tushib piyoda yursa, boboy o‘ziga jabr qilibdi, deyishibdi. Chol o‘zi eshakka minib, nabirani piyoda qo‘yganda uni nabiraga jabr qilganlikda ayblashgan ekan... Jurnalistlar bilan uchrashish va izoh berishdan o‘zimni tortganimda bilmadim nima deyishgan bo‘lardi?!
Xullas, aytarim shu», — dedi pirovardida X. Yodgorov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter