Yana «Oqdaryo voqeasi» haqida: shior qonundan ustunmi?
Oqdaryoda ayol kishining tahqirlanishiga oid xabar saytimiz mushtariylarini bee’tibor qoldirmadi. Munosabat bildirayotganlarning aksariyati ayolga nisbatan qilingan noinsoniy xatti-harakatlarni qoralashayotgani alohida ta’kidga loyiq. Albatta, holat yuzasidan jinoyat ishi ochilib, tergov harakatlari ketayotir. Mazkur jinoyat ishi yuzasidan Bosh prokuratura nazorati o‘rnatilgan. Yaxshi.
Biroq tanganing orqa tomoni ham bor. Xabarga munosabat bildirgan o‘quvchilarimizdan biri — Obid Omonov ayolning tahqirlanishini, bu holatda jinoyat manaman deb tursa-da, masala ma’muriy ish ochish bilan yakun topgani sabablarini ko‘pgina mahalla fuqarolari yig‘inlari binosiga osilgan «Mening mahallamda jinoyat bo‘lmaydi» shiori bilan bog‘laydi. Nega?
«...MFYlardagi «Mening mahallamda jinoyat bo‘lmaydi!» degan shiorga ushbu videoning qay darajada aloqasi borligini tushuntiraman, — deb yozadi O.Omonov. — Ma’lumotim oliy yuridik bo‘lganligi sabab tajribasi kam profilaktika inspektorlari mendan JPK, MJtK bo‘yicha maslahatlar so‘rashadi. Shunda ularga jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan albatta ish qo‘zg‘atish shartligini tushuntiraman. Biroq juda ko‘pchiligi — jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga rahbariyati (shahar/tuman/viloyat IIB) tomonidan yo‘l qo‘yilmayotganligi, chunki jinoyatchilik soni oshib ketsa, ularga «minus» bo‘lishligini aytishadi. Demoqchimanki, oqdaryolik ayolning dardini eshitgan IIB xodimida ham jinoyat hodisasi yuz berganligiga ishonchi komil bo‘lgan. Biroq, katta ehtimolki, «Mening mahallamda jinoyat bo‘lmaydi!» degan shiorga «hurmat yuzasidan» jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilib, ma’muriy huquqbuzarlikka oid bayonnomalar tuzish bilan cheklanib qo‘yaqolgan. Bu hol «Mening mahallamda jinoyat sodir bo‘lmaydi!» degan shior qonundan ustun bo‘lib ketayotganini ko‘rsatmaydimi?
Xo‘p, profilaktika inspektorining professional salohiyati pastroq, deya qolaylik. Ammo, tuman prokurori-chi? U qayerga qaragan? O‘zbekiston Respublikasi JPKning 333-moddasida tartibida jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilingan qarorning qonuniyligi o‘rganilmaganmi?
Oqdaryo tuman IIB HPB IIO TP profilaktika inspektorining jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish qilish haqidagi qarori, uni tasdiqlagan Oqdaryo tumani IIB boshlig‘i va qonuniyligiga xulosa qilgan Oqdaryo tuman prokuroriga nisbatan tegishli chora ko‘rilsa, qonun ustuvorligi xususida bemalol gapirish mumkin bo‘ladi».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter