«Xotira maydoni»da tomosha ko‘rsatgan shaxs kamoqqa ravona qilindi
![«Xotira maydoni»da tomosha ko‘rsatgan shaxs kamoqqa ravona qilindi](https://static.xabaruz.com/crop/2/6/720_460_95_2610417445.jpg)
G‘azalkent shahridagi «Xotira maydoni»da «Motamsaro ona» haykali yonida «tomosha ko‘rsatgan» shaxs javobgarlikka tortildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Oliy sud matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 40 yoshli A. Toyshiyev shu yilning 17-may kuni kuppa-kunduzi, g‘irt mast holda o‘zicha «tomosha» ko‘rsatadi. (Uning karantin qoidalariga zid holda yurgani yetmaganday haykal ustiga chiqib, uning boshiga ro‘molcha tashlagan holda quchoqlab, og‘zidan bodi kirib-shodi chiqayotgani aks etgan lavha ijtimoiy tarmoqlarga chiqib ketadi.) Kamiga holatdan xabardor bo‘lib yetib kelgan IIB xodimining qonuniy talabini bajarishdan bosh tortib, uni uyatli so‘zlar bilan haqorat qilishgacha boradi.
Huquqbuzar o‘ziga kelganda kerakli hujjatlar rasmiylashtirilib, ishi sudga oshib bo‘ladi.
Sud majlisida A. Toyshiyev aybini tan olib, pushaymonligini bildirgan.
Sud uni MJtKning bir necha moddalarida ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybdor deb topib, belgilangan jazolarning og‘irrog‘i qo‘llashni lozim ko‘rdi va uzil-kesil 15 (o‘n besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.
Sud qarorida A.Toyshiyevdan ma’muriy qamoq jazosining har bir kuni uchun eng kam ish xaqining 15 foizi miqdorida (qamoq) harajatlari undirilishi ham belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter