Toshkentda 10 nafar shaxs sud qilinmoqda. Ulardan biri xorij fuqarosi
«Korean and migrations» xususiy bandlik agentligi» MChJ mansabdor shaxslariga oid jinoyat ishi sudda ko‘rilmoqda. Bu haqda «Xabar.uz»ga Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov ma’lum qildi.
Jinoyat ishi doirasida 10 nafar shaxs sudlanuvchi tariqasida jalb qilingan, ularning biri Janubiy Koreya fuqarosi ekani aytiladi.
Jinoyat ishi JIB (jinoyat ishlari bo‘yicha) Yakkasaroy tuman sudi sudyasi T.Qosimov raisligida ko‘rilmoqda.
Ish hujjatlariga ko‘ra, «Korean and migrations» xususiy bandlik agentligi» MChJ rahbari Q.Otaqulov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish va’dalarini berib, ulardan olingan juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborishgan.
Ish bo‘yicha 2 372 nafar jabrlanuvchi, 4 nafar fuqaroviy da’vogar deb topilgan. Sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) va 243-moddasida (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Ayblov xulosasi bo‘yicha jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogarlarga 24,2 mlrd. so‘m moddiy zarar yetkazilgan bo‘lib, shundan dastlabki tergov mobaynida 13,3 mlrd. so‘m miqdorini qoplatish chorasi ko‘rilgan.
Sud jarayoni davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter