Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent va Samarqandda uch nafar advokat qamoqqa olindi

Toshkent va Samarqandda uch nafar advokat qamoqqa olindi

Qo‘lga olinganlardan biri sobiq sudya bo‘lgan.

Toshkent shahridagi advokatlik byurosi advokati va qurilish sohasida faoliyat yurituvchi MChJ yuristi o‘zaro kelishgan holda, sud tizimida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali, 2021 yilda Jinoyat Kodeksining 131 va 135-moddalari bilan sudlanib, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va hozirda jazo muddatini o‘tayotgan shaxsning ayblovidan 135-moddani olib tashlash orqali, unga nisbatan tayinlangan jazoni yengilroq jazo turiga almashtirib berish evaziga 75 ming AQSh dollari talab qilishadi.

Lekin, ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Ta’kidlash lozimki, mazkur advokat 2015-2020 yillarda fuqarolik ishlari bo‘yicha Bekobod tumanlararo sudining sudyasi bo‘lib, MChJ yuristi esa 1999-2003 yillarda jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi xodimi sifatida faoliyat yuritgan.

Boshqa holatda esa, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan, Toshkent shahridagi advokatlik firmasi advokati sud organlaridagi tanishlari orqali, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan mahkumning jazosini ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jazoga almashtirib berish evaziga 17 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Samarqand shahridagi advokatlik hay’ati advokati shahar prokuraturasi ish yurituvidagi jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llamasliklari uchun, prokuratura tizimidagi tanishlari orqali yordam berish evaziga 2 ming AQSh dollari talab qilib, 1,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda prokuratura organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring