Termizning sobiq hokimi va uning o‘rinbosarlari hibsga olindi
Huquq-tartibot organlari Termiz shahrining sobiq hokimi Isroil Xudoyberdiyev, uning ikki nafar o‘rinbosari va yana 4 nafar mansabdorni hibsga oldi. Ular «Yashil dunyo» savdo majmuasi qurilishi davomida 14,8 mlrd so‘mni o‘zlashtirganlikda gumonlanmoqda, deb xabar berdi «Gazeta.uz».
Ma’lum qilinishicha, Isroil Xudoyberdiyevga Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) hamda 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shahar hokimining birinchi o‘rinbosari G‘ayrat Elamanovga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasining «a» bandi bilan (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Sobiq hokim qamoqqa olinganidan bir necha kun o‘tgach, u ham ehtiyot chorasi sifatida hibsga olingan.
Bundan tashqari, 2017−2018-yillarda hokimning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlagan Shuhrat Rahmonqulov ham qamoqqa olingan va jinoyat ishiga jalb qilingan.
Tergov harakatlari Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Isroil Xudoyberdiyev 2017-yildan 2022-yilgacha Termiz shahar hokimi lavozimida faoliyat yuritgan. 21-sentyabr kuni lavozimidan bo‘shatilib, o‘rniga yangi hokim tayinlangandi. Oradan 3 kun o‘tib sobiq hokim qamoqqa olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter