Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tashkent Law Spring»: Vazir gapni uzr bilan boshladi

«Tashkent Law Spring»: Vazir gapni uzr bilan boshladi

Foto: Hasan Paydoyev / «Xalq so‘zi»

Bir necha oy ko‘rilgan jiddiy tayyorgarlik ishlari yakuniga yetib, nihoyat, anchadan beri kutilayotgan  katta tadbir —  «Tashkent Law Spring» («Toshkent huquq bahori») xalqaro yuridik forumi ish boshladi.

Mazkur  xalqaro forum ko‘lamini tasavvur qilish uchun hamkor tashkilotlarning ayrimlarini tilga olish kifoya: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, AQShning xalqaro rivojlanish bo‘yicha agentligi (USAID), BMT Taraqqiyot dasturi, BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik boshqarmasi (UNODC), «Hududiy muloqot» xalqaro tashkiloti, «Gazprombank» AJ...  Bunga qo‘shimcha sifatida  forum ishida dunyoning 37 mamlakatidan 240 delegat ishtirok etayotgani inobatga olinsa, tashkilotchilar yaxshigina riyozat chekkani yanada oydinlashadi.

Foto: «O‘zA»
Foto: «O‘zA»

Tashkiliy ishlarga gap bo‘lishi mumkin emas, ayni jarayonda juz’iy kamchiliklar uchrashi  ehtimoli yo‘q emas. Shundan bo‘lsa kerak, forum  tashkiliy qo‘mitasi raisi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslan Davletov tadbir ochilishidagi muxtasar ma’ruzasini samimiy uzr bilan boshladi: «Yurtimizda ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu forum biz uchun yangi tajriba, bu jarayonda ayrim kamchiliklar yuzaga kelgudek bo‘lsa, avvaldan uzrimiz bor».

So‘ng vazir xalqaro forum o‘tkazilishidan maqsad-muddaoni bayon qilib, o‘zgarayotgan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar haqida qisqa ma’lumot berdi. Muhimi, borni bejab ko‘rsatgani yo‘q, tizimdagi muammolardan ham ko‘z yummadi. Amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar xususida-ku, atroflicha to‘xtaldi. Aytdiki, investitsiyalarsiz O‘zbekiston rivojlanmasligini tan olamiz. Buning uchun esa muhit yaratish kerak. Bunda yuristlarga katta mas’uliyat yuklanadi. Qabul qilinayotgan qarorlar barqarorligi, kelayotgan investor uni nima kutayotganini bilishi va har qanday davlat organining bu maqsadda birlashishi maqsadga muvofiq. Yuz berayotgan o‘zgarishlarga hamma guvoh: moliya-bank, soliq siyosati sohasida, raqamlashtirish bo‘yicha 2030 yilgacha davlat dasturi ishlab chiqildi, hattoki yerni xususiylashtirish birinchi marta qonuniy asosga ega bo‘ladi. Bu jarayonni sekinlashtirib bo‘lmaydi. Bugun muhit yaratsak, ertaga bizga investor keladi... Mulk huquqini qadriyat sifatida qadrlash kerak. Shuning uchun ham uning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash bo‘yicha chora qabul qilish juda muhim masala. Mehnat qonunchiligini liberallashtirish ham  dolzarb. Chunki bizning Mehnat kodeksimiz o‘sha sobiq Ittifoq davrida shakllangan konsepsiya asosida bugungi kungacha saqlanib qolgan. Unda esa xususiy sektorga xos bo‘lgan moslashuvchanlik prinsipi yetishmaydi. Qishloq xo‘jaligiga ham zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini tatbiq qilish lozim. Bizga klaster degan institut kirib keldi. Bularning hammasini huquqiy tomondan tartibga solish muhim masala bo‘lib qolmoqda... Sud-huquq tizimini takomillashtirish ham alohida ahamiyat kasb etadi. Biz bu borada ko‘makchi bo‘lib qolamiz. Bundan tashqari, tobora shiddat bilan rivojlanib kelayotgan internetdagi munosabatlarni tartibga solish (blokcheyn) bo‘yicha ilk izlanishlarni boshladik. Qolaversa, biz hozirdanoq o‘zimizga 15 yildan keyin O‘zbekiston huquq nuqtai nazaridan qanaqa bo‘lishi kerakligi haqidagi savollarni berishimiz kerak.

Forum ochilishida so‘z olgan AQSh, Singapur va Rossiyadan kelgan huquqshunoslar o‘z yurti tajribalari,  shiddat bilan o‘zgarayotgan zamonga mos huquqiy tartiblar xususida gapirdilar.

Xalqaro yuridik forumning rasmiy ochilishi marosimi nihoyasida Adliya vazirligining huquqiy maslahat berishga mo‘ljallangan advice.uz portali taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Alohida ta’kidlash kerak, advice.uz loyihasi Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.

Ikki kunga mo‘ljallangan «Tashkent Law Spring» xalqaro yuridik forumi o‘z ishini davom ettirmoqda. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring